Surxondaryoda haydovchining rulda uxlab qolishi yo‘lovchining o‘limiga sabab bo‘ldi

  • 14:25 / 03.09.2021
  • 278

Joriy yil 2-sentyabr kuni soat 4:30 larda Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani hududidan o‘tgan 4P-100 avtomobil yo‘lining 153-kilometrida o‘lim bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi.

Aniqlanishicha, tuman markazidan harakatlanib kelayotgan Matiz avtomashinasi haydovchisi rulda uxlab qolishi natijasida katta yo‘lga chiqib qo‘shilganini sezmay qolgan. Natijada asosiy yo‘lda Bandixon tumani tomondan harakatlanib kelayotgan Nexia avtomobili bilan to‘qnashib ketgan. 

YTH natijasida Nexia avtomobili ag‘darilib ketgan va haydovchining yonida bo‘lgan yo‘lovchi voqea joyida vafot etgan. 

Matiz haydovchisi esa og‘ir tan jarohatlari bilan Denov tumani Tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Shuningdek, davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘li notekisligi, tegishli belgi hamda chiziqlar bilan jihozlanmaganligi, belgilangan talablar darajasida emasligi ma’lum bo‘lgan.