Surxondaryoda kaltaklangan sportchining onasi prezidentga adolat so‘rab murojaat qildi

  • 19:11 / 13.09.2021
  • 244

Surxondaryo viloyati Denov tumanida 28-may kuni X.V. ismli sportchi bir guruh shaxslar tomonidan kaltaklab ketilgani bo‘yicha sportchining onasi Shavkat Mirziyoyevga murojaat bilan chiqdi.

Ma’lum bo‘lishicha, ayol o‘z murojaatida o‘g‘lini do‘pposlab ketganlarga yengil chora ko‘rilayotganini, Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, lekin o‘zini himoya qilgan o‘g‘li shu kodeksning 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan ayblanayotganini aytgan. Qolaversa, mas’ul xodimlar uyini qisqa vaqt ichida ikki marta tintuv qilgani va bunga tegishli ruxsatnomasi bo‘lmaganini ma’lum qilgan. Holatga tanish-bilishchilik, korrupsiya aralashganini ishonch bilan aytgan ayol prezidentdan adolat so‘rab murojaat qilgan.

Shundan so‘ng bosh prokuror matbuot kotibi holatga munosabat bildirib, videoda ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan joriy yil 29-may kuni Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgani, tergov davomida 4 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 277-moddasi, 1 nafar shaxs ushbu kodeksning 104, 277-moddalari bilan ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, barchasiga “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilganini ma’lum qilgan.

“Tergov harakatlari tamomlanib, 5 nafar shaxsga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi 9-sentabr kuni mazmunan ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudiga yuborilgan. Shuningdek, jinoyat ishining 2 nafar ayblanuvchilarga nisbatan bo‘lgan qismi alohida ish yurituviga ajratilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, – deydi Hayot Shamsutdinov munosabatda.