Surxondaryoda KamAZda g‘isht tashib yurgan 7-sinf o‘quvchisi to‘xtatildi

  • 21:00 / 09.07.2021
  • 92

Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida to‘xtatilgan “KamAZ” rusumli yuk avtomobili boshqaruvidan 13 yashar bola tushib keldi. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, davlat raqami belgisi bo‘lmagan "KamAZ" rusumli yuk mashinasini davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R-103 avtomobil yo‘lining Qiziriq tumanidan o‘tgan 17-kilometrida to‘xtatilganida, uni maktab o‘quvchisi boshqarib ketayotgani aniqlangan.

"Haydovchi" o‘zini 13 yosh ekanligi, "KamAZ”ni haydashni bilishi, o‘zi Sheroboddagi 72-maktab o‘quvchisi ekanligi, bu yil 7-sinfga o‘tishi, hozirda ta’tilda ekanligini aytgan.

Salonda uning 16 yoshli sherigi ham borligi, ular birgalikda "KamAZ"da Qiziriq tumaniga g‘isht tashib ketayotgani ma’lum bo‘ldi.

Bolalar ularga yuk mashinasini haydovchining o‘zi berganini aytgan.

Qoidabuzarlarga tegishli tushuntirishlar berildi va ota-onasi ishtirokida profilaktik suhbat o‘tkazilishi bildirildi. 

"KamAz" vaqtincha jarima maydonchasiga qo‘yildi. Haydovchiga tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.