Surxondaryoda qiymati 1,2 mlrd AQSh dollariga teng yangi issiqlik stansiyasi quriladi

  • 17:24 / 25.04.2021
  • 75

Niderlandiyaning “Stone City Energy” kompaniyasi bilan Surxondaryo viloyatida yangi issiqlik elektr stansiyasi qurish uchun Investisiya shartnomasi va mazkur issiqlik elektr stansiyasidan Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida bitim imzolandi.

Quvvati 1 560 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasining umumiy qiymati 1,2 milliard dollarni tashkil etadi. Loyiha 2024-yilning yakuniga borib ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Zamonaviy texnologiyalardan foydalanish natijasida barpo etilishi rejalashtirilgan yangi issiqlik elektr stansiyasi yiliga 2,2 milliard kub metr tabiiy gaz sarfiga ega bo‘lib, 1,1 milliard kub metr gazni tejaydi. Uning foydali ish koeffisiyenti 63 foizni tashkil etadi.

Loyiha doirasida eng yangi texnologiyalar, shu jumladan HL sinfidagi zamonaviy bug‘-gaz qurilmalari (Siemens Energy tomonidan ishlab chiqarilgan) tatbiq etiladi.

Stansiya qurilishi davomida 2 000 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi va IES ishga tushirilgach, 150 nafarga yaqin mutaxassis doimiy ish bilan ta’minlanadi.

2020 yilning dekabr oyidan boshlab o‘tkazilgan tadqiqotlar natijada Surxondaryo viloyatining Angor tumanida yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishi uchun 150 gektar yer maydoni ajratildi.

Hujjatlarga ko‘ra, investor ushbu issiqlik elektr stansiyasini loyihalashtiradi, moliyalashtiradi, quradi, ishga tushiradi, 25 yil davomida foydalanadi va boshqaradi.