Surxondaryoda tuman hokimining soxta qarori bilan 160 dan ortiq tut daraxti qo‘porib tashlandi

  • 12:44 / 15.09.2021
  • 115

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida tuman hokimining soxta qarori bilan 160 dan ortiq tut daraxti qo‘porib tashlandi.
Bu haqda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumani Obodon hududi, Termiz – Dushanbe xalqaro yo‘li yonida 4 gektarlik tutzor orasidan 160 donadan ortiq tut daraxti bir kechada 13-sentyabrdan 14 sentyabrga o‘tar kechasi noma’lum fuqarolar tomonidan kesib, tomiri bilan qo‘porib olingan.

Tut daraxtlarining o‘rnida bugun, 14-sentyabr erta tongdan qurilish ishlari boshlangan. Uzunligi 40 metr, eniga 18 metr bo‘lgan yirik binoning poydevori qurilishida 8-10 nafar kishi ishlayotgani aniqlangan.

Holat yuzasidan Ishchi guruhi tomonidan tegishli tartibda dalolatnoma tuzilib, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasiga taqdim etildi. Dalolatnomaga ko‘ra Sho‘rchi tuman Kadastr agentligi  ushbu hudud haqiqatan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tizimidagi “Sho‘rchi Tayyorlov Agropilla” MChJning balansida ekanligini tasdiqlagani ko‘rsatilgan.

Ma’lum bo‘ldiki, ushbu hududda qurilish ishlarini boshlagan “Oltin uchburchak” loyihasi rahbari Dilorom O‘rolavaga Sho‘rchi tumani hokimining 2021-yil 8-apreldagi Q-708-son qarori bilan avtobus bekati va sanitariya-gigenik (maishiy xizmat ko‘rsatish) shoxobchasi qurish uchun ajratib berilgan.

Qarorda Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumani Obodon hududidagi tutzor maydonning “Sho‘rchi Tayyorlov Agropilla” MChJ tomonidan Sho‘rchi tumani xokimligi balansiga “Sho‘rchi Tayyorlov Agropilla” MChJning 2021-yil 29-martdagi 02-17-01/2209-sonli xatiga asosan qaytarilgani ko‘rsatilgan.

Ishchi guruhi tomonidan jarayon o‘rganilganida esa “Sho‘rchi Tayyorlov Agropilla” MChJ tomonidan ushbu tutzorning Sho‘rchi tumani xokimligi balansiga qaytarilishi to‘g‘risida hech qanday xat chiqarilmagani ma’lum bo‘lgan.

“Ishchi guruhinining o‘rganish xulosalari asosida Sho‘rchi tumani prokuroriga bildirish xati bilan chiqildi va hududda qurilish ishlari to‘liq to‘xtatildi”, – deyiladi Uyushma munosabatida.

Shuningdek, o‘rnatilgan tartibda Bosh prokuratura hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga ham xat kiritilgan.