Surxondaryodagi “benzin zapravka”da sisternaning portlashi oqibatida bir kishi vafot etdi

  • 12:49 / 06.05.2021
  • 124

IIV Tergov departamentining xabar berishicha, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida joriy yil 4-may kuni soat 09:30larda mahalliy MChJlarning biriga qarashli bo‘lgan, qurilishi tugallanmagan AYoQSh binosida payvandlash ishlarini olib borayotgan 52 yoshli A.Abdunazar ehtiyotsizlik oqibatida og‘ir tan jarohati olib vafot etgan.

Ma’lum qilinishicha, payvandchi shoxobcha hovlisida joylashgan 20-25 tonnalik benzin va dizel yoqilg‘isini saqlash uchun mo‘ljallangan sisterna ustiga bir o‘zi payvandlash uskunasini olib chiqib, payvandlash ishlarini boshlagan vaqtida sisterna ichida yig‘ilib qolgan gaz va havo aralashmasidan chaqnash sodir bo‘lgan. 

Kelib chiqqan yong‘in oqibatida A. Abdunazar “butun tanasining 90-95% termik kuyishi” tashxisi bilan tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Sho‘rchi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan MChJ rahbari 45 yoshli I. Nuriddinga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a” bandi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish, odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.