Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy 6 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi

  • 18:04 / 10.05.2021
  • 535

2021-yil 10-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudida Otabek Sattoriy (1980-yilda Termiz shahrida tug‘ilgan, blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanadi, muqaddam sudlanmagan) ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, O. Sattoriy ayblovning jabrlanuvchi N. Narbayevani haqorat qilganligi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi bilan hamda T. Ko‘charov, A. Xudoyqulov va Z. Xursanovga nisbatan takroran tovlamachilik qilganligi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybsiz deb topilib, ushbu moddalar bilan uning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli oqlandi.

O. Sattoriy Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a”, “g” bandlari va 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab, 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-moddasi (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) ga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li orqali uzil-kesil 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 
Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan 1 dona “Vivo-X50” rusumli uyali telefon apparati qonuniy egasi L. To‘rayevga, 1 dona “Redmi 5+” rusumli uyali telefon apparati va 1 dona “Zotac” rusumli kompyuter prosessori qonuniy egasi sudlanuvchi O. Sattoriyga qaytarilishi belgilandi.

Termiz shahridagi xususiy notarial faoliyat bilan shug‘ullanuvchi notarius H. Boboqulov tomonidan 2020-yil 2-iyul kuni KSH 032769 SV sonli reyestr bilan tasdiqlangan “Termiz Eko Ekspress loyiha” MChJ rahbari T. Shapulatov bilan O. Sattoriy o‘rtasida tuzilgan Surxondaryo viloyati, Termiz shahri, “Ma’rifat” mahallasi, Istiqlol ko‘chasi, 6-uyda joylashgan 42-raqamli kvartirani O. Sattoriyga sotganligi bo‘yicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi haqiqiy emas deb topildi.  

Termiz shahridagi xususiy notarial faoliyat bilan shug‘ullanuvchi notarius H. Boboqulov tomonidan 2020-yil 2-iyul kuni KSH 032770 SV sonli reyestr bilan tasdiqlangan “Termiz Eko Ekspress loyiha” MChJ rahbari T. Shapulatov bilan O. Sattoriy o‘rtasida tuzilgan Surxondaryo viloyati, Termiz shahri, “Ma’rifat” mahallasi, Istiqlol ko‘chasi, 6-uyda joylashgan 44-raqamli kvartirani O. Sattoriyga sotganligi bo‘yicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi haqiqiy emas deb topildi.  

“Termiz Eko Ekspress loyiha” MChJ rahbari T. Shapulatovdan sudlanuvchi O. Sattoriy foydasiga jami 234 835 000 so‘m undirilishi belgilandi.

Ushbu jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan taraflarga jinoyat oqibatida yetkazilgan ma’naviy zararni undirish masalasida tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqi mavjudligi hamda sudlanuvchilar va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilishning qonunda belgilangan tartibi va muddati tushuntirildi.