Tabiat qoʻynida dam olayotganda ilon chaqishidan qanday himoyalanish mumkin?

  • 04:40 / 10.06.2021
  • 139

Bahor va yoz oylarida odamlar ommaviy ravishda tabiat qoʻynida dam olishga chiqadilar. Sharshara yoki koʻl yoqasida dam olayotganda ilonga duch kelish – hordiqning ta’mini buzishi mumkin. 
Koʻpchilik ilonga duch kelganda oʻzini qanday tutish, uni chaqishidan qochish uchun nimalar qilish kerakligini bilavermaydi. 

Ilonlarning zaharli va zaharli boʻlmaganlari mavjud. Ammo har kim ham qaysi biri xavfli ekanini bilmaydi. Yaxshisi, har qanday ilondan nariroq boʻlgan maqul.

Gap shundaki, yovvoyi tabiat bagʻrida zaharli boʻlmagan ilon bilan duch kelish ham kishida:
– stress;
– vahima;
– yurak tez urishi;
– kuchli qoʻrquv paydo qilishi mumkin.

Ilon bilan yuzlashmaslik uchun tajribali turistlar quyidagi qoidalarga amal qilishni maslahat beradi:

– Baland oʻsgan oʻtlar orasida yurmang. Shuningdek, butalarga chiqmang. Gap shundaki, qalin oʻsimlik orasidagi ilonni payqamaslik ehtimoli katta. Dalalar, oʻrmonlar va suv havzalari atrofida yurganda avval ochilgan yoʻlaklardan yurganingiz maqul. Oʻt-oʻlanlar orasida yurishga toʻgʻri kelsa, oʻzingiz bilan tayoq oling – u bilan ilon bor-yoʻqligini tekshirib koʻrishingiz mumkin.
– Tabiat qoʻynida yopiq kiyim bilan dam olgan maqul. Shimlar uzun va matosi qalin boʻlgani yaxshi. Oyogʻingizga baland oyoqkiyim kiying. Bu ilon chaqishidan himoya qiladi. Oʻt-oʻlanlar ustida ochiq poyabzalda yurmang. Ilonlar asosan tunda faol boʻlishoga qaramay, kunduzi ham ularni uchratish mumkin, shuning uchun aslo ogohlikni yoʻqotmang.
– Tabiatda dam olishga joʻnashdan oldin bolalaringizga ilonlar va ularning odam uchun xavfi haqida gapirib bering. Shuningdek, yaqinlashib kelayotgan ilonni qoʻl bilan ushlash kerak emasligi, u bilan “doʻstlashish”ga urinmaslik lozimligini ayting. Yaxshisi chetlab oʻtishdir.
– Oʻlik boʻlib koʻrinsa-da, ilonga teginmagan maqul. Yaxshisi, umuman yaqinlashmang. Gap shundaki, ilon oʻlganidan keyin ham reflektor holatda qimirlashi va hatto chaqib olishi mumkin. 
Bundan tashqari, shunchaki quyoshda toblanayotgan ilonni oʻlik deb oʻylashingiz mumkin. Shuning uchun ham bu paytda unga teginmaslik lozim.
– Ilon bilan suratga tushish, ayniqsa, selfi qilishga urinmang. Bu gʻoya qanchalik original tuyulmasin, aslo bunday qilmang. Suratga tushirish vaqtida odam ogohlikni yoʻqotadi va biror beoʻxshov harakatingiz ilonning hujumiga sabab boʻlishi mumkin.

Tabiat qoʻynida ilonga duch kelishga majbur boʻlganingizda, mutaxassislar vahima qilmaslikni va quyidagi harakatlarni qilishni maslahat beradi:
 1. Ilon bilan kamida 2 metr masofa saqlang. Bu uning chaqishidan himoya qiladi.
 2. Tezkor harakatlar qilmang va qochmang. 
 3. Sekin ortga chekining, bu paytda ilonni koʻzdan yoʻqotmang.