Tadbirkor va investorlarga o‘z muammolarini O‘zbekiston Prezidenti bilan bevosita muhokama qilish imkoniyati yaratiladi

  • 15:27 / 22.07.2021
  • 108


O‘zbekiston Prezidenti bilan ochiq muloqotda ishtirok etish uchun tadbirkor va investorlarning murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish bo‘yicha Shtab o‘z ishini boshladi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev mamlakat tadbirkorlari va investorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazadi. Tadbirda biznes vakillari bilan ularning faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolar muhokama etiladi va hal qilinadi, shuningdek, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha taklif va tashabbuslar ko‘rib chiqiladi.

Shu munosabat bilan ushbu tadbirni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish maqsadida joriy yil 21-iyulda Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va viloyatlar darajasidagi mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Savdo-sanoat palatasi va boshqa mas’ul idoralar bilan birgalikda tadbirkorlarning murojaatlari hamda takliflarini qabul qilish bo‘yicha Shtab tuzilgani ma’lum qilindi. Shtabda ish olib borish uchun barcha asosiy vazirlik va idoralarning xodim va mutaxassislari jalb etilgan hamda kechayu-kunduz faoliyat ko‘rsatuvchi “koll-markaz” orqali murojaatlarni qabul qilish amalga oshirilyapti.

Vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat tahliliy guruh qabul qilingan murojaatlar bilan dastlabki ishlarni olib boradi va bo‘lajak tadbir kun tartibini shakllantirish maqsadida Prezident Administratsiyasiga har kuni umumlashtirilgan ma’lumotnomalarni yuboradi.

Ma’lumot uchun, Davlat rahbari bilan ochiq muloqotda ishtirok etish uchun tadbirkor va investorlarning murojaatlarini qabul qilish bo‘yicha Shtab kechayu-kunduz faoliyat yuritadi. 20-iyuldan 31-iyulgacha tadbirkorlar o‘z muammo yoki taklifi bilan murojaat qilib, mamlakat Prezidenti bilan bevosita ularni muhokama qilish imkoniyatga ega bo‘lishi mumkin.

Aloqa uchun ma’lumotlar:
Koll-markaz: + 998 71 238 52 52
Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasining “ishonch telefoni”ning raqami: 1100
Savdo-sanoat palatasi: + 998 71 150 60 06
Biznes-ombudsmen: + 998 71 202 09 06

Shuningdek, ITSV va Savdo-sanoat palatasining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy akkauntlari orqali bog‘lanish mumkin:
Facebook: www.facebook.com/mift.uz
www.facebook.com/uzchamber
Instagram: www.instagram.com/mift.uz
www.instagram.com/uzchamber
Telegram: t.me/uzchamber, @offer_bot
Elektron pochta manzili: [email protected], [email protected]