Tadbirkorlarga talabalar yotoqxonasi tashkil etish uchun yer maydonlari auksion orqali ajratiladi 

  • 19:31 / 16.06.2021
  • 403

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kecha, 16-iyun kuni oliy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda yotoqxona o‘rinlari sonini oshirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Yotoqxona o‘rinlari sonini oshirish hisobiga qo‘shimcha 22 ming, ijara to‘lovini qoplash orqali 60 mingdan ziyod talabalarning turar-joy masalasi hal etib berildi va bunga joriy yilda byudjetdan 50 milliard so‘m ajratiladi.

Bugungi kunda talabalar uchun qo‘shimcha 149 mingta turar joyga ehtiyoj mavjud. Yotoqxonalarni tadbirkorlar bilan xususiy sheriklik asosida tashkil etish uchun oliy ta’lim muassasasi hududidan yoki unga yaqin joydan auksion orqali yer ajratilishi belgilandi. Bu binolarning birinchi va ikkinchi qavati biznes uchun tadbirkorlarga berilib, yuqori qavatlari arzon turar joy bo‘ladi. Talabalarga u yerda yashash xarajatlarning 50 foizi byudjetdan qoplab beriladi.

Oliygoh rektori, viloyat hokimlari tadbirkorlar bilan kamida 20 yil muddatga shartnoma imzolaydi, binoning 1-2 qavatini biznes uchun (ko‘ngilochar xizmatdan tashqari) tadbirkorga berish, yuqori qavatlarini arzon turarjoy (xostel) tashkil etish shartlari belgilanadi. Talabalarning turarjoyi xarajatlarini 50 foizini byudjetdan qoplab beriladi.

Bu tadbirkor uchun – kafolatli mijoz, birinchi va ikkinchi qavatidagi biznesi uchun katta bozor, talaba uchun – qulay va arzon sharoit, oliygohga esa – mablag‘ni tejash va ularni ta’lim sifatini oshirish uchun yo‘naltirishga katta imkoniyat dedi davlat rahbari. 

Prezident viloyat hokimlariga bir hafta muddatda talabalarga qulay hududlarda yotoqxonalar qurish bo‘yicha yer maydonlarini belgilab, auksionga chiqarish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.