Tadbirkorlik uchun yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tekinga berish amaliyoti bekor qilinadi

  • 21:10 / 08.06.2021
  • 121

Bugun, 8-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda oziq-ovqat mahsulotlari hajmini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, shu yil yanvarda yoshlarga ekin maydonlaridan yer ajratilgani yaxshi natija berdi. Endi, Surxondaryoda boshlangan tajriba asosida, ishsiz aholiga qishloq xo‘jaligi yerlarini 10 yil muddatga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun ijaraga berish tartibi joriy qilinadi.

Buning uchun joriy yildan boshlab qariyb 100 ming gektar g‘alladan bo‘shagan yer maydonlari ishsiz aholiga dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun beriladi. Paxta hosilidan keyin ushbu maqsadlar uchun yana 100 ming gektar yer ajratiladi.

– Yoshlarga yer berilishi tajriba bo‘lgan edi. Endi katta tizimga o‘tyapmiz. Yerni haqiqiy egasiga – xalqqa beramiz. Hokimlar, sektor rahbarlari qaysi paxta va g‘alla maydonini qisqartirishni aniqlab, ularni ishsiz aholiga berishi zarur. Berganda ham, manfaatdor qilib, adolatli ajratish kerak. Bu yuz minglab odamlarimizni ish bilan, daromad bilan ta’minlaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga yer olgan aholiga urug‘ va ko‘chatlar yetkazib berish, yetishtirilgan mahsulotlarni sotib olishni moliyalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Sir emaski, yer uchastkalarini ajratish masalasi eng chigal muammo, korrupsiyalashgan jarayon edi. Shu bois bugun, 8-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Endi, tadbirkorlik uchun yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tekinga berish amaliyotidan butunlay voz kechiladi va yerlar hamma uchun bir xil va oshkora, elektron auksion orqali xususiy mulk qilib sotiladi yoki ijaraga beriladi. Tuman va shahar hokimlarining yer ajratish va ularni qaytarib olish bilan bog‘liq barcha vakolatlari bekor qilindi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari mazkur farmonning ahamiyatiga to‘xtalib, joylarda uning ijrosini tashkil etish, halollik va qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Aholi farovonligiga daxldor yana bir masala oziq-ovqat mahsulotlarining arzonligidir.

– Narx-navoni arzon qilish bu tadbirkor va chorvadorlarni majburlash, ularga mahsulotini past narxlarda sottirish, degani emas. Birinchi galda, bozorda taklifni ko‘paytirish kerak, – dedi Prezident.

Yig‘ilishda viloyat hokimlari ishsizlikni kamaytirish, oziq-ovqat mahsulotlari hajmini oshirish va narxlar barqarorligini ta’minlash choralari bo‘yicha axborot berdi.