Talabalar saylovda ishtirok etish uchun o‘z saylov uchastkasiga boradimi?

  • 09:17 / 13.09.2021
  • 222

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining ma’lum qilishicha, doimiy yashash hududidan olisda tahsil olayotgan talabalar saylovda ovoz berishi uchun o‘z saylov uchastkasiga borishlari shart emas. Prezident saylovida ishtirok etish uchun talabalarga qo‘shimcha imkoniyat yaratilgan.

“Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Prezident saylovida ishtirok etish uchun talabalarga qo‘shimcha imkoniyat yaratildi. Endilikda saylovlarda ovoz berish uchun talabalar o‘z saylov uchastkasini o‘zgartirib, vaqtincha yashab turgan manzilidagi saylov uchastkasida ovoz berishi mumkin”, – deyiladi vazirlik xabarida.

Ma’lumot uchun, joriy yil Saylov kodeksiga o‘zgartirish kiritilgunga qadar Prezident va parlament deputatligi uchun saylovlar dekabr oyining oxirgi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilib kelingan. Talabalar esa qishki ta’tildan foydalanib, saylovda o‘z hududlari bo‘yicha qatnashib kelishgan.

Ammo bu yil saylov qonunchiligiga o‘zgartirish kiritilib, saylov bo‘lib o‘tadigan sana oktyabr oyi oxirigi o‘n kunligining birinchi yakshanbasiga ko‘chirildi. 

O‘z saylov uchastkangizni aniqlash uchun havolaga o‘ting.

Saylov uchastkangizni almashtirish uchun murojaat jo‘natmoqchi bo‘lsangiz mana bu havolaga o‘ting.