Talabalarga stipendiya to‘lashning yangi tartibi joriy qilindi

  • 10:24 / 06.02.2020
  • 399

2020-yil 31-yanvar kuni "Oliy ta’lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Hukumat qarori qabul qilingan.

Unga ko‘ra, 2020-yil 1- fevraldan boshlab, talabalarga stipendiya to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi.

Yangi tashkil etilgan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Xushnudbek Xudoyberdiyev mazkur qaror haqida hech qayerda ma’lumot yo‘qligi va 5 kundan keyin vazirlik e’lon qilganini tanqid qilib chiqdi.

"Qiziq, Hukumat qarori 31- yanvarda qabul qilingan bo‘lsa, unda nima uchun 5- fevral kuni kechqurun e’lon qilinyapti? Va shunda ham 2 qator gap xolos. Vazirlik shu paytgacha bilmaganmidi shunaqa qaror qabul qilinganini? Yoki aslida qaror bugun imzolanganu, lekin orqa sana bilan nomer qo‘yishdimi?

Hukumat qarorining o‘zi qani? Nima uchun haligacha Lex.uz saytida yo‘q. Bir paytlar rosa maqtanishgandiku, endi normativ hujjatlar juda qisqa vaqt ichida “Rasmiy hujjatlar” bo‘limida paydo bo‘ladi deb.

“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunga binoan, normativ hujjatlar rasman e’lon qilingandan keyingina kuchga ega bo‘ladi. Lekin stipendiya to‘g‘risidagi qaror 5 fevralda ham hali rasman e’lon qilinmadi, unda qanaqa qilib 1-fevraldan yangi tizimga o‘tiladi?

Vazirlar Mahkamasining qarorlari 5 kundan buyon hech qayerda e’lon qilinmayotganini kimdir tayinli asos bilan tushuntirib bera oladimi?", deb fikrini yakunlagan Xushnudbek.