Taʼlim va muallimlarga doimiy eʼtibor qaratamiz – Shavkat Mirziyoyev

  • 19:24 / 12.10.2021
  • 101

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qorakoʻl tumanidagi Xalqaro matematika maktabini borib koʻrdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur taʼlim maskaniga 2009-yilda ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabi shaklida asos solingan boʻlib, keyinchalik Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-avgustdagi qarori bilan Xalqaro matematika maktabi sifatida qayta tashkil etilgan.

Maktab faoliyati bilan tanishish chogʻida Davlat rahbari maktab jamoasi bilan suhbatlashdi.

– Hamma sohalarda katta islohotlarni boshladik. Xorijdan eng zamonaviy texnologiyalarni olib kelyapmiz. Ulardan foydalanish uchun ilm, salohiyatli kadrlar kerak. Sizlar qanchalik bilimli boʻlsangiz, boshlagan ishlarimiz samarali boʻladi, davlatimiz shuncha rivojlanadi. Taʼlim va muallimlarga doimiy eʼtibor qaratamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sobiq kasb-hunar kolleji binosi kapital taʼmirlanib, maktab ixtiyoriga berilgan. Muassasa 64 ta xona, sport zallari, kutubxona zamonaviy jihozlangan. Oʻquvchilar uchun yotoqxona qurilgan.

Maktabga oʻquvchilar iqtisodiyot, texnika va tabiiy fanlar boʻyicha Davlat test markazi testlari asosida 7-sinfdan qabul qilinadi. Hozir bu yerda 470 nafar oʻgʻil-qiz oʻqimoqda. Ularga 60 nafardan ziyod malakali oʻqituvchilar saboq berayotir.

 

Teglar