“Talimarjon IES”dagi avariya sabab “O‘zbekneftgaz” korxonalarida ish to‘xtab qoldi

  • 10:22 / 05.06.2021
  • 177

Elektr energiyasi ta’minotidagi uzilish sababli “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli korxonalarda qurilmalar hamda stansiyalar faoliyati vaqtincha to‘xtab qoldi.

Elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlarga 2021-yil 4-iyun kuni soat 22:16 da “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning “Talimarjon IES”ga qarashli energobloki avariyaviy holatda to‘xtaganligi sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Natijada, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Buxoro neftni qayta ishlash zavodlarining asosiy ishlab chiqarish qurilmalari ish faoliyati to‘xtab qolgan.

Bundan tashqari, Muborak, Sho‘rtan, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalariga qarashli gaz qazib chiqarish konlaridagi ishlarda ham to‘xtalish ro‘y bergan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati, shuningdek, “Zevarda”, “Janubiy Kemachi”, “Janubiy O‘rtabuloq”, “Dengizko‘l”, “Somontepa”, “Alan” va “Ko‘kdumaloq”, “Sho‘rtan KMPO”, “Betman”, “Shimoliy Nishon” siquv kompressor stansiyalari ham to‘liq to‘xtab qolganini ma’lum qildi.

“Yuz bergan to‘xtalishlar, “O‘ztransgaz” AJga qarashli magistral gaz quvurlariga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz sarfi kamayishiga olib kelmoqda. Hozirda, “O‘zbekneftgaz” AJ, “Hududiy Elektr Tarmoqlari” AJ hamda “Milliy elektr tarmoqlari” AJning tegishli mutaxassislari hamkorligida yuzaga kelgan holatni bartaraf etish bo‘yicha tezkor ishlarni amalga oshirilmoqda”, – deyiladi kompaniya xabarida.