Taym-menejment: Pomodoro usuli haqida bilasizmi?

  • 12:03 / 21.07.2021
  • 170

Oʻnlab vazifalar, bitta xodim va 8 soatlik ish kuni... Qanday qilib vazifalarning barchasiga ulgurish va shu bilan birga ruhiy salomatlikka salbiy taʼsir koʻrsatmaslik mumkin? Pomodoro usuli buning uchun yordamga shay!

Pomodoro – vaqtni toʻgʻri taqsimlash va boshqarishning ajoyib texnikalaridan biri boʻlib, uni amalda qoʻllash uchun sizga smartfon, yon daftar hamda ruchka kerak boʻladi, xolos. Muvaffaqiyatli odamga aylanishga tayyormisiz?

Franchesko Chirillo bugungi kunda “Cirillo Consulting” kompaniyasi rahbari va Pomodoro tizimi boʻyicha yetuk mutaxassis hisoblanadi. U 1980-yillarda oddiy talaba boʻlgan va kunlarning birida tajriba oʻtkazib koʻrishga qaror qilgan. U oddiy uy yumushlarini bir hil davomiylikdagi vaqt boʻlaklari mobaynida bajarish gʻoyasini oʻylab topgan. U vaqtni nazorat qilish maqsadida oshxonada turgan pomidor shaklidagi taymerdan foydalangan. Chirillo belgilangan vaqt ichida ishlarga diqqat bilan yondashganini, boisi belgilangan muddatdan keyin dam olishi haqida his qilib turganini aytib oʻtgan. Shu tariqa Franchesko Chirillo taym-menejmentning asosiy texnikalaridan biri boʻlmish Pomodoro usulini oʻylab topgan. Texnikaga oshxonadagi taymer koʻrinishiga urgʻu bergan holatda “Pomodoro” (“Pomidor”) deb nom bergan.

Pomodori texnikasi qanday ishlaydi?

1. Eng avvalo yaqin kunlarda qanday ishlar qilishingizni yozib, ularni roʻyxat shaklida tartiblab chiqing. Bu faol vazifalar hisoblanadi.

2. Roʻyxatdan aynan bugun bajarmoqchi boʻlgan ishlaringizni ajratib oling. Ularni kundalik ishlar roʻyxatiga qoʻshing.

3. Taymerni 25 daqiqaga yoqib qoʻying va ishni boshlang!

4. 25 daqiqa oʻtishi bilan 5-10 daqiqa dam oling! 25 daqiqa – bitta pomidor hisoblanadi!

5. 4 ta “pomidor” davomida ishlab boʻlganingizdan keyin toʻlaqonli dam olish (15-20 daqiqa) imkoniyatiga ega boʻlasiz.

6. Ushbu usuldan joriy kun uchun belgilangan barcha vazifalarni bajarib tugatguningizga foydalaning. Shu tariqa bajarilgan vazifalarni roʻyxatdan oʻchirib boring.

Ushbu usulning afzalliklari nimada?

1. Aniq vazifa bilan ishlaysiz. Chalgʻish ehtimoli juda kam boʻladi, vazifalardan boshingiz aylanib qolmaydi. Boisi, 25 daqiqadan soʻng dam olishingiz mumkinligini sezib turasiz.

2. Miya 25 daqiqa davomida aniq vazifani bajarishingiz kerakligini anglab turadi, shu sababli vaqt tugaguniga qadar ijtimoiy tarmoqlarga chalgʻib ketmaysiz.

3. Vazifalarni qanchalar tezkorlik va aniqlik bilan bajarayotganingizni tahlil qilib turasiz. Barchasini yon daftarga yozib borasiz, kun kech boʻlganda esa bir kun davomida nechta ishni bajarib ulgurganingiz, ularni bajarish uchun qancha vaqt sarf etganingizni tahlil qilasiz.

4. Maqsad va unga erishish uchun kerakli vazifalar orasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqani koʻrib turasiz. Maqsad tomon kichik qadamlar bilan yurib borasiz, yoʻlning aynan qaysi bosqichida ekanligingizni aniq bilasiz.

5. Texnikadan oʻz kun tartibingiz va ehtiyojlaringizga qarab foydalanishingiz ham mumkin.

6. Ishlarni ongli ravishda rejalashtirishga oʻrganasiz.

Pomodoro usuli kimlarga toʻgʻri keladi?

• Bir hil ish bilan uzoq vaqt davomida ishlaydiganlar;

• Frilanserlar;

• Ish faoliyati jamoaga bogʻliq boʻlmagan insonlar;

• Yangi vazifalarni bajarishga osonlikcha kirisha oladiganlar;

• Aynan bitta vazifani bajarishdan juda tez zerikib qoladiganlar.

Muhim: Bugungi kunda Pomodoro usulidan foydalanishni osonlashtiruvchi mobil ilovalar ham mavjud. Ularni smartfoningizga yuklab olsangiz, ishingiz yana-da osonlashadi.