Tesla sudda yutib chiqqan sobiq xodimiga 1 mln. dollar ustama to‘laydi

  • 16:42 / 08.08.2021
  • 245

CBS News nashri bergan xabarga ko‘ra, ish jarayonida irqiy jihatdan haqoratlangan Melvin Berriga Tesla kompaniyasi tomonidan 1 million dollardan ortiq ustama to‘lanadi. Xususan, 266 ming dollar yetkazilgan zarar va 756 ming dollar sud xarajatlari uchun ajratiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Melvin Tesla’dagi faoliyatini 2015-yil Kaliforniya zavodida boshlagan. Sobiq xodim oradan 1 yil o‘tib zavod supervayzerlari tomonidan irqqa oid so‘zlar bilan haqoratlangandan keyin kompaniyani tark etgan. 

Sud hujjatida qayd qilinishicha, zavoddagi ish muhiti irqiy kamsitishlarga to‘la, jumladan, turli xil devoriy suratlar va yozuvlar. Guvohlar bergan ko‘rsatmalarga ko‘ra, irqiy haqoratlar ushbu zavod uchun odatiy holga aylanib qolgan. Tesla qora tanli xodimlaridan birining Insider nashriga bergan xabarida unga faoliyati davomida 100 martadan ortiq holatlarda “Negr” deb murojaat qilinganini aytib o‘tgan.

Voqeani birinchilardan bo‘lib yoritgan Bloomberg News nashri o‘z xabarida Melvin Berrining munosabatini keltirib o‘tgan:
“Men sud Teslaning ishchilariga munosabatini adolatsiz deb topganini butun dunyo bilishiga umid qilaman”, – deya munosabat bildirgan Tesla sobiq xodimi.

Ma’lumot uchun, 2017-yilda Tesla kompaniyasi Berrining ayblovlarini rad etgan va umuman har qanday turdagi diskriminatsiya va adolatsiz munosabatga qarshi ekanini bildirgan.