Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining vazifalari belgilandi

  • 11:48 / 14.06.2021
  • 102

Hukumat joriy yil 12-iyundagi tegishli qarori bilan Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligini, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi.

Agentlikning asosiy vazifalaridan biri, jumladan, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish hisoblanadi.

Agentlikka Prezident bilan kelishgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.

Shuningdek, Agentlik tarkibida yuridik shaxs hisoblanmaydigan, Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda byudjetdan tashqari “Muruvvat” va “Saxovat” internat uylarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyat yuritadi.

Agentlik o‘z faoliyatida Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi va hisobot beradi. 

Eslatib o‘tamiz, mazkur Agentlik 2021-yil 25-martdagi Farmon bilan tashkil etilgan.