Tibbiyot sohasidagi order tartibi bekor qilinishi mumkin

  • 18:06 / 23.07.2021
  • 145

Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.  

Yig‘ilishda davlat rahbari o‘tgan 6 oyda Xalq qabulxonalariga bandlik va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha kelib tushgan 100 mingta murojaatni to‘liq hokimlik kuchi bilan hal qilish imkoni mavjudligini ta’kidladi.

“Misol uchun, Pastdarg‘omda tashkil etilgan Mahallabay ishlash markazi 117 ta mahallada xatlov o‘tkazib, 4 ming nafar ishsiz bo‘lgan fuqarolarni aniqlagan va ularni kasb va tadbirkorlikka o‘qitish, biznes loyihalarini tayyorlash, kredit va subsidiya olishga ko‘maklashish orqali 3,3 ming nafarini band qilgan. Natijada, bugungi kunda aholi bandligini ta’minlash darajasi Pastdarg‘omda 85 foizni tashkil etmoqda.

Yoki bu borada Andijonda ham o‘ziga xos yangi tajriba yaratildi. Jumladan, Andijon viloyatida ikki oy ichida 169 ta mahallada 30 mingta xonadon a’zolarining bandligi ta’minlandi. 

Bunday tashabbuslarni har bir viloyat, tuman va shahar hokimi ko‘tarib chiqishi, bu orqali xalqni rozi qilishi kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, davlat rahbari vazirlik va idoralar o‘z yo‘nalishida eng ko‘p kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilib, ularga aniq yechimlar topishi kerakligini ta’kidladi.

“Har bir vazir bir hafta muddatda tizimli muammolarni hal etish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilashi shart.

Misol uchun, tibbiyot sohasidagi murojaatlarning qariyb yarmini tashkil etayotgan order tartibini bekor qilib, ochiq va shaffof tizimni yo‘lga qo‘ysak, kamida 10 mingta shikoyat kamayadi”, – dedi Prezident.