Tirnoqlardagi oq dogʻlar nimadan darak beradi?

  • 19:25 / 05.08.2021
  • 341

Tirnoqlardagi oq rangli dogʻlar tibbiyotda leykonixiya deb ataladi. Bu odamlar orasida haddan tashqari koʻp uchraydigan holat, deyarli har bir odam hayoti davomida bir marta boʻlsa ham ushbu dogʻlarning qayerdan kelgani haqida oʻylab koʻrgan.

Bunga tirnoq asosi va plastina orasiga havo pufakchasi kirib qolgani sabab boʻladi, pufak egallagan hududda qon tomirlari boʻlmagani uchun u bir qarashda oppoq dogʻ kabi koʻrinadi.

Ushbu dogʻlarning paydo boʻlishiga aniq bir sabab yoʻq. Ayrim holatlarda ular tirnoq ildizi yoki plastinaning shikastlanishi oqibatida yuzaga keladi. Bir qator dori vositalarini qabul qilish, ogʻir metallar, jumladan qoʻrgʻoshin va margimush bilan zaharlanish ham oq dogʻlarning paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin.

Leykonixiya ayrim holatlarda organizmdagi tizimli buzilishlar, misol uchun buyrak kasalliklari, yurak yetishmovchiligi, rux va kaliy tanqisligi natijasida ham kelib chiqadi.

Qanday qutilish kerak?

Aksariyat holatlarda eng yaxshi chora – kutish boʻladi. Tirnoq oʻsgani sayin oq dogʻ joylashgan qism oʻz-oʻzidan yoʻqolib ketadi. Ammo, bu holatga maʼlum kasallik sabab boʻlgan boʻlsa, terapevt nazorati ostida muolaja olish tavsiya etiladi.