Tishlar salomatligiga zarar yetkazadigan va biz eʼtibor qaratmaydigan 5 xato

  • 11:00 / 14.09.2021
  • 200

Agar tishingizdagi doimiy yoki vaqtinchalik plomba tushib qolgan boʻlsa, zudlik bilan tish shifokoriga murojaat qilishingiz lozim. Mutaxassis qabuliga borguningizga qadar esa tishlarni imkon qadar ehtiyot qilishingiz kerak. Biz odatda eʼtibor qaratmaydigan xatolar tishlarni butunlay yoʻqotishga olib keladi. Bu qanday xatolar ekanligini bilasizmi?

Ogʻriq boshlangan holatda ham darhol shifokorga murojaat qilmaslik

Koʻp hollarda tishdagi plombaning tushib qolishi va ogʻriqning paydo boʻlishi plomba materialining eskirgani yoki bir necha qatlamga ajralib qolgani tufayli sodir boʻladi. Oqibatda tish va plomba orasida ochiq joy yuzaga kelib, mana shu yerga kariyes “in quradi”. Ayrim holatlarda tishdagi plomba ogʻiz boʻshligʻi gigiyenasiga amal qilmaslik, haddan tashqari qattiq yeguliklar isteʼmol qilish, tishlar yordamida ip uzish, skotch kesish, idishlar qopqogʻini ochish va shu kabi ishlar tufayli ham tushib qolishi mumkin. Plomba tushib qolganidan keyin zudlik bilan tish shifokori qabuliga yozilishi kerak. Tezkor chora koʻrmaslik va tishni oʻz vaqtida davolamaslik uni butunlay yoʻqotishga olib keladi.

Tishlarni tishchoʻp bilan tozalash

Tishdagi plomba tushib qolganidan keyin mana shu qismda ochiq joy hosil boʻladi. Ovqatlangan vaqtda bu yerga taom boʻlaklari kirib qolishi tabiiy. Agar uni tishchoʻp yordamida olib tashlamoqchi boʻlsangiz, milklarga jarohat yetkazib qoʻyishingiz hech gap emas. Natijada kuchli yalligʻlanishning oldini olish mumkin boʻlmay qoladi. Bu holatga yoʻl qoʻymaslik uchun taomlanib boʻlgandan keyin, ogʻiz boʻshligʻini iliq suv bilan chayib yuborish kifoya.

Tishlarni mustaqil ravishda davolashga urinish

Plomba tushib, jarohatlangan qismi ochilib qolgan tish ogʻrishi va sizga azob berishi mumkin. Bu holatda tishni uy sharoitida turli vositalar va xalqona usullar bilan davolashga urinish – katta xato boʻladi. Mutaxassis qabuliga borguningizga qadar ogʻriqni faqatgina maxsus dori vositalari yordamida bartaraf etish tavsiya etiladi.

Haddan tashqari qattiq yeguliklar isteʼmol qilish

Plomba tushib qolgan vaqtda tish juda nozik va moʻrt boʻladi. Bunday holatda qattiq sabzavot va mevalar isteʼmol qilish tishning qolgan qismiga ham zarar yetkazadi va ogʻriqni kuchaytirib yuboradi. Shuning uchun, tishingizga qaytadan plomba qoʻyilguniga qadar taomnomadan qattiq yeguliklarni chiqarib tashlash tavsiya etiladi.

Ogʻiz boʻshligʻi gigiyenasiga amal qilmaslik

Ogʻiz boʻshligʻi gigiyenasiga amal qilinmagan holatda bu yerda xavfli mikroflora paydo boʻladi, mikroblar esa sogʻlom tishlarni ham yemiradi. Bu esa oxir-oqibatda kariyes, tishlarning yoʻqotilishi, ogʻizdagi noxush hid, zamburugʻli infeksiyalar va milk kasalliklariga olib keladi. Bunday holatga yoʻl qoʻymaslik uchun esa tishlarni kuniga kamida 2 marta: ertalab va kechqurun tozalash kerak.