Tojikistondan kirib kelayotgan qariyb 14,5 kilo narkotik moddalar ushlandi

  • 11:34 / 19.04.2021
  • 59

Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi xodimlari tomonidan Tojikiston Respublikasidan umumiy qiymati 100 ming AQSH dollari miqdoridagi katta partiya giyohvandlik moddalari kontrabandasining O‘zbekiston hududiga kirib kelishi oldi olindi.

Xabar berilishicha, joriy yil 7-aprel kuni DXX va Sirdaryo viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Bekobod tumanidan Bo‘ka tumaniga harakatlanayotgan avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, Tojikiston Respublikasi fuqarosi, 1994-yilda tug‘ilgan, M.Xomidchonovning yonidan og‘ir turga kiruvchi va inson organizmiga kuchli ta’sir narkotik moddalar borligi aniqlangan.
Tezkor tadbirda fuqaroning yonidan jami 7 kilogramm 673 gramm bo‘lgan, shundan 1 kilogramm 879 gramm “amfitamin” sintetik moddasi, 3 kilogramm 972 gramm “gashish” va 1 kilogramm 822 gramm “opiy” giyohvandlik moddalari ekanligi aniqlanib, prosessual tartibda olib qo‘yildi.

Shuningdek, DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Tojikistondan O‘zbekistonga kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilishi va mamlakat hududida maydalab sotilishi rejalashtirilgan narko-jinoyat to‘g‘risida tezkor ma’lumotlar olinib, O‘zbekiston Respublikasi DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi. 

Ushbu tadbir davomida, Toshkent shahar, Shayxontohur tumanida yashovchilar 1983-yilda tug‘ilgan, A.Dilshod va 1961-yilda tug‘ilgan, R.Turaboy Toshkent viloyatining Bekobod tumani orqali o‘tkazilgan umumiy og‘irligi 6 kilogramm 800 gramm, ya’ni – 3 kilogramm 928 gramm “opiy”, 2 kilogramm 873 gramm “gashish” bo‘lgan og‘ir turdagi giyohvand moddalarni, maxsus tayyorlangan avtomashinada Toshkent shahriga olib ketayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Ushbu narko-jinoyatchi guruh a’zolaridan, jami 14 kilogramm 473 gramm giyohvandlik moddalari musodara qilindi va DXX Sirdaryo viloyat bo‘yicha boshqarmasi tergov bo‘limi tomonidan Jinoiy Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, aloqador shaxslar qamoqqa olindi va tergov harakatlari davom ettirilmoqda.