Tokio-2020: beshinchi kunni “5” baho bilan boshladik!

  • 09:45 / 28.07.2021
  • 333

Hozircha 3 nafar sportchimiz musobaqalardagi o‘z ishtirokini o‘tkazishdi.

Tokioda bo‘lib o‘tayotgan Yozgi Olimpiada o‘yinlarining beshinchi kuni ham boshlandi. Bugungi kun musobaqalarini boshlab bergan dzyudochimiz Gulnoza Matniyazova ishonchli g‘alabaga erishdi.

-70 kg vazn toifasida kurashayotgan vakilamiz chadlik Demos Memnuloumga qarshi tatamiga chiqib, o‘z g‘alabasini tantana qildi. Ikkinchi davrada Gulnozani ancha jiddiy raqib kutib turibdi. Unda  Matniyazova niderlandiyalik Sanne van Diykega qarshi bahs olib boradi. 

Dzyudochilarimizning g‘alabali odimini -90 kg vazn toifasida kurashayotgan Davlat Bobonov davom ettirdi. Musobaqani beshinchi saralangan dzyudochisi sifatida boshlagan navoiylik vakilimiz ilk davrani italiyalik Nikolas Mungayga qarshi o‘tkazib, vazari bahosi bilan g‘alabaga erishdi. Endi u chorak finalga chiqish uchun Dominikan va Ukraina vakillari o‘rtasidagi bahs g‘olibiga qarshi kurashadi.

Oradan ko‘p o‘tmay, Gulnoza Matniyazova (-70 kg) Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari doirasida o‘zining ikkinchi bellashuvini o‘tkazdi. Unga ushbu bosqichda amaldagi jahon chempionati sovrindori raqiblik qildi. 

Matniyazova unda ushbu vaznning birinchi saralangan vakili niderlandiyalik Sanne van Diyke bilan bahs olib bordi. Afsuski, bellashuv hamyurtimizning mag‘lubiyati bilan yakunlandi va u yakkalik bahslaridagi ishtirokini yakunladi. Endi ushbu dzyudochimiz aralash jamoaviy yo‘nalishda ishtirok etadi.

Olimpiadada asosiy umidimiz bokschilardan ekani hech kimga sir emas. Afsuski, bugun yana bir bokschimiz musobaqani tark etdi. Amaldagi jahon chempioni Mirazizbek Mirzahalilov Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida o‘zining ilk bahsini o‘tkazdi. 

Hamyurtimiz dastlabki jangida irlandiyalik raqibiga qarshi ringga ko‘tarildi. Kurt Uolker bilan kechgan murosasiz jangda bokschimiz faol va aniq harakat qilgan bo‘lsa ham, yakuniy qaror tushunarsiz bo‘ldi. 

Hakamlarning 4 nafari Uolkerning g‘alabasini e’tirof etdi va Mirzahalilov Olimpiya o‘yinlarini erta tark etdi. Ushbu jangni kuzatganlar, hakamlar ochiqchasiga bizga qarshi ishlashganga guvoh bo‘lishdi! Hakamlar orasidagi AQSh va kubaliklar o‘zlari Mirazizga qarshi jang qilishdi! Bu bizning sof g‘alaba edi! (Jang translyatsiyasini tomosha qiling). Ammo...

Ma’lumot uchun, Olimpiya o‘yinlarida protest berish mumkin emas. Mazkur qoida faqat AIBA shafe’ligida o‘tkaziladigan musobaqalarda amal qiladi. Hakamlar nima uchun xohlaganlarini qilishganni aynan shu qoidadan izlash to‘g‘ri bo‘ladi. 

Va nihoyat, xursandchilik onlari ham keldi. Davlat Bobonov ukrainalik Kejau Nxabaliga qarshi tatamiga ko‘tarildi. Bellashuv davomida ukrainalik dzyudochi ta’qiqlangan harakat bilan hujumga o‘tgani uchun unga texnik mag‘lubiyat yozildi va Bobonov muddatidan avval g‘alaba qozondi. Endi u yarim final yo‘llanmasi uchun gruziyalik Lasha Bekauri bilan hisob-kitob qiladi.