Tokio-2020: Juma tongi bizga yana “oltin” keltirdi!

  • 09:03 / 03.09.2021
  • 272

Tokioda bo‘lib o‘tayotgan yozgi Paralimpiya o‘yinlaridan xushxabarlar kelishi davom etadi. Bundan biroz avval para yengil atletikaning F12 klassida ayollar o‘rtasida yadro uloqtirish bo‘yicha final bahslari yakunlandi.Unda ishtirok etgan hamyurtimiz Safiya Burxanova 14.78 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ta’kidlash kerakki, bu mavsumdagi eng yaxshi natija sifatida ham qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, Safiya Burxanova Rio-2016 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida kumush medalini qo‘lga kiritgan edi.

Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlarining para kanoe bahslarida KL2 klassida erkaklar o‘rtasida 200 metr masofaga o‘tkazilgan yarim final bahslari yakunlandi. Quvonarlisi, poygada ishtirok etgan hamyurtimiz Azizbek Abdulhabibov 43.409 soniya vaqt bilan marraga 3-o‘rinda yetib keldi va final “A” yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Bundan biroz avval para kanoe bo‘yicha KL2 klassida erkaklar o‘rtasida 200 metr masofaga final bahslari o‘tkazildi. Medallar uchun kechgan poygada hamyurtimiz Azizbek Abdulhabibov 43.584 soniya vaqt bilan marraga 8-o‘rinda yetib keldi. Shu tariqa sportchimiz Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini yakuladi.

Para yengil atletikaning T64 klassida erkaklar o‘rtasida balandlikka sakrash bahslari o‘z nihoyasiga yetdi. Unda hamyurtimiz Temurbek Giyazov ham ishtirok etdi. Afsuski, vakilimiz 1.93 metr balandlikni zabt eta olmadi va 1.88 metr natija bilan musobaqadagi ishtirokini yakunladi.

Bugun yana bir sportchimiz musobaqalarda ishtirok etadi. Yorqinbek Odilov yengil atletikaning yadro uloqtirish bahslarida o‘z omadini sinab ko‘radi.

Eslatib o‘tamiz, hozircha delegatsiyamiz hisobidagi medallar soni 17 taga yetgan: 7 ta oltin, 4 ta kumush va 6 ta bronza.