Tokio-2020. Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyaga yetib bordi

  • 08:02 / 20.07.2021
  • 70

Bugun Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyaga yetib bordi. Delegatsiya Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kuzatib qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi rahbari Tanzila Narbayeva, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Turizm va sport vaziri, delegatsiya rahbari Aziz Abduhakimov, Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi MOQ rahbariyati, sport faxriylari, federatsiya mutasaddilari, sportchilarimiz va ularning yaqinlari hamda OAV ishtirok etgan kuzatish marosimida Olimpiya shaharchasidan Sherzod Tashmatov boshchiligadagi MOQ Tezkor shtabi, Yaponiyada bo‘lib turgan o‘zbekistonlik dzyudo, taekvondo va bokschi, Ukrainadagi og‘ir atletikachilar va Turkiyada yig‘in olib borayotgan yengil atletikachilar ham onlayn tazrda ishtirok etishdi. 

Shu tariqa maxsus ajratilgan charter reys bilan “Boeing 787 Dreamliner” havo kemasida Tokioga yo‘l olgan O‘zbekiston delegatsiyasi Narita aeroportiga yetib bordi.

Ma’lum bo‘lishicha, tashkiliy qo‘mita shartlariga ko‘ra, delegatsiya a’zolari aeroportda ham koronavirusga qarshi test topshirishadi va boshqa kerakli ishlar yakunlangach ular shaharga kiritiladi. Shundan so‘ng, sportchilar ajratilgan maxsus transportda Olimpiya shaharchasiga olib boriladi.

Eslatib o‘tish joiz, Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari 23-iyul – 8-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. Unga O‘zbekiston delegatsiyasi 17 sport turida 71ta litsenziya bilan yetib bordi. 

Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi 23-iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da Tokiodagi “Olimpiya” stadionida boshlanadi.