Tokio-2020: paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan Oʻzbekiston delegatsiyasi tantanali kutib olindi

  • 05:07 / 07.09.2021
  • 248

Gʻolib va sovrindorlarga Prezident sovgʻalari topshirildi.

Joriy yil 24-avgustdan 5-sentyabrga qadar Tokio shahrida oʻtgan XVI yozgi Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etib, 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medallarini qoʻlga kiritgan oʻzbekistonlik sportchilar kuni kecha vatanimizga qaytishdi.

Kunning ikkinchi qismida Toshkent aeroportida, Tokioda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilgan sportchilar tantanali kutib olindi.

Aeroportdan sayohat avtobuslariga oʻtirgan delegatsiyasi aʼzolari toʻgʻridan-toʻgʻri “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga yoʻl olishdi. Yaqinda barpo qilingan bogʻda sportchilarni tantanali kutib olish va ularni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov, Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov, Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar, sportchilarning ota-onalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Marosimda, bu kabi koʻplab gʻalabalar Oʻzbek xalqiga cheksiz gʻurur-iftixor bagʻishlagani, bu esa mamlakatimizda sportni rivojlantirishga, xususan, jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilarga qaratilayotgan eʼtibor samarasi ekanligi alohida qayd etildi.

Gʻolib va sovrindorlarga 3, 2, 1 xonali uylar hamda “Chevrolet Tahoe”(oltin medalga), “Chevrolet Travers”(kumush medalga) va “Chevrolet Trebleyzr”(bronza medalga) avtomashinalaridan iborat Prezident sovgʻalari topshirildi.

Bundan tashqari medal sohib va sohibalari avval belgilanganidek, oltin uchun 200 ming, kumush uchun 100 ming va bronza uchun 50 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mukofotlari bilan taqdirlanishadi.

Qayd etish mumkin, XVI yozgi Paralimpiya oʻyinlarida oʻzbekistonlik paralimpiyachilar har qachongidan ham koʻproq, 55 ta yoʻllanmani qoʻlga kiritgan holda, musobaqa yakunlariga koʻra, umumjamoa hisobida 16-oʻrinni egallashdi.