Tokio-2020: uchinchi kun ham g‘alaba bilan boshlandi!

  • 09:26 / 26.07.2021
  • 201

O‘zbekiston vakillarining g‘alabalari davom etadi.

Tokioda bo‘lib o‘tayotgan Olimpiadaning uchinchi kuni ham yurtdoshimizning g‘alabasi bilan boshlandi! Qilichbozlikning sablya yo‘nalishida kechgan bahsda hamyurtimiz Zaynab Dayibekova mezbonlarning asosiy vakillaridan biri Aoki Chikaga qarshi bahs olib bordi. Murosasiz o‘tgan bellashuv Dayibekovaning 15:9 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi va yurtdoshimiz keyingi bosqichga yo‘l oldi. 

Zaynabning keyingi bosqichdagi raqibi xitoylik Yaki Shao bo‘lib, u reyting ko‘rsatkichi bo‘yicha 3-raqam ostida saralangandi. Bu borada 35-pog‘onada bo‘lgan Dayibekova raqibining nomdorligidan cho‘chimadi va yana ajoyib jang o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. 15:10 hisobidagi g‘alaba va hamyurtimiz navbatdagi bosqichga yo‘l oldi. 

Shundan so‘ng, yurtdoshlarimizning nigohi boks ringiga qaratildi. Unda boks bo‘yicha Rio-2016 chempioni Shahobiddin Zoirov (-52 kg) o‘z sovrinini himoya qilishni boshladi. Tajriba va mahorat bobida ancha ustun bo‘lgan Zoirov turkiyalik Batuxan Chiftchiga deyarli imkoniyat qoldirmadi. Bahsni boshqarib borgan hakamlarning barchasi Shahobiddinning g‘alabasini e’tirof etishdi – 5:0! U ikkinchi raundda raqibini nokdaun holatiga ham tushirib qo‘ygandi. Vakilimiz keyingi davrada Kabo-Verde vakili David De Pinaga qarshi ringga ko‘tariladi.

Taekvondo bo‘yicha terma jamoamizning navbatdagi vakili Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini boshladi. Unda Nigora Tursunqulova (-67 kg) xitoylik raqibasi bilan kuch sinashdi. Kuchli raqibalaridan biri Jang Mengyuga qarshi bahs murosasiz kurashlar ostida kechdi. Asosiy vaqt durang bilan yakunlangach (9:9), g‘olib qo‘shimcha bo‘limda aniqlandi. Oltin ochko uchun kechgan bahsda xitoylik taekvondochi ustun keldi. Endi Mengyu finalga chiqqan taqdirda, hamyurtimiz bronza medali uchun kurashish imkoniyatini saqlab qoladi.

Shundan so‘ng taekvondo musobaqasini yurtdoshimiz Nikita Rafalovich davom ettirdi. Dominikanlik Moyzes Ernandes bilan baxsning birinchi bo‘limidayoq Nikita 5:1 hisobida oldinga chiqib olgandi. Yakuniy hisob ham hamyurtimiz foydasiga hal bo‘ldi – 17:7. Rafalovichning keyingi bosqichdagi raqibi ozarboyjonlik Beygi Xarchenagi bo‘ladi.

Shu kungi yurtdoshlarimizning g‘alabali seriyalarini dzyudochimiz Hikmatilloh To‘rayev davom ettirdi. -73 kg vaznli Hikmatilloh ilk davrada germaniyalik Igor Vantdekeni mag‘lubiyatga uchratib, keyingi bosqichga yo‘llanma oldi. Igor Vandtkega qarshi bahsda vakilimiz o‘zining chiroyli harakatlari bilan dzyudo muxlislariga ishonch bag‘ishladi. Qayd etish joiz, vakilimizni keyingi bosqichda ancha jiddiy raqib kutib turibdi. Chorak finalga chiqish uchun u janubiy koreyalik An Changrimga qarshi tatamiga chiqadi. Musobaqalarni kuzatishda davom etamiz!