Tokio Olimpiadasida sportchilar har kuni koronavirusga test topshirishi shart

  • 12:54 / 02.05.2021
  • 106

Tokio Olimpiadasi davomida sportchilar uchun qo‘llaniladigan epidemiologik xavfsizlik choralari e’lon qilindi.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) saytida xabar berilgan ushbu ma’lumotga ko‘ra, sportchilar har kuni koronavirusga test topshirishlari shart. Bundan tashqari, sportchilarning jamoat transportidan foydalanishi taqiqlanadi. Ovqatlanish ham tartibga solinadi. Barcha ishtirokchilar faqat Olimpiada ob’yektlarida, shuningdek, o‘zlari joylashgan mehmonxonalarda ovqatlanishlari mumkin.

Bundan tashqari, bo‘lajak musobaqalarning barcha ishtirokchilari niqobsiz odamlar bilan aloqa qilish taqiqlanadi. Shuningdek, ular doim ijtimoiy masofani saqlashlari kerak bo‘ladi.

Reglament Yaponiya hukumati, Tokio shahar rahbariyati, musobaqa tashkiliy qo‘mitasi, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakillari, shuningdek, mustaqil ekspertlarni o‘z ichiga olgan komissiya tomonidan tuzilgan.

Xavfsizlik qoidalarining so‘nggi versiyasi iyun oyida — musobaqaning rasmiy boshlanishidan taxminan bir oy oldin paydo aniq bo‘lishi kutilmoqda.

Ta’kidlanishicha, o‘sha vaqtga borib musobaqalarga muxlislarni kiritish masalasi ham hal etiladi.