“Tolibon” afgʻon-tojik chegara hududining 70 foizini qoʻlga oldi

  • 10:33 / 06.07.2021
  • 478

“Tolibon” jangarilari Afgʻoniston va Tojikiston chegara hududining 70 foizi ularning nazorati ostiga oʻtganini maʼlum qildilar.

Bundan bir muddat avval Afgʻoniston prezidentining milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Hamidulla Mohib mamlakat shimolida ogʻir vaziyat yuzaga kelganini maʼlum qilgandi. BMT tashkiloti esa Afgʻonistondagi 370 ta tumanning 50 tasi “Tolibon” tomonidan qoʻlga olingani haqida bayonot bergan.

“Tolibon” harakatining vakili Zabiulla Mujohid chegarada xavfsizlik taʼminlanishi, “Tolibon” harakati Tojikistonning ishlariga aralashmasligini taʼkidlagan.

Mujohid shuningdek, tolibonlar tomonidan nazorat qilinadigan hududlar soni koʻpayishi mumkinligini tilga olgan va  Afgʻoniston hukumatini muzokara olib borishga chaqirgan. U “Tolibon” kuchlari hukumatga istalgan yoʻnalishda hujum qila olishi, hukumat esa ularga qarshilik koʻrsata olmasligini taʼkidlamoqda.