Tonirovka narxini kamaytirish yuzasidan qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda

  • 09:36 / 15.06.2021
  • 263

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor Gʻaniyev tonirovka narxini kamaytirish yuzasidan Prezident Adminstratsiyasi tomonidan qaror loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Hozircha, tonirovka narxi qanchaga kamaytirilishi yoki qachondan yangi tartib ishga tushishi haqida ma’lumotlar yo‘q.

“Hamkasbim Bahrom Rahmonaliyev bilan tonirovka narxini pasaytirish yuzasidan 2-3 xil takliflar tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritishdan avval Ichki ishlar vazirligiga takliflarimizga munosabat bildirishlarini so‘rab, deputatlik so‘rovi yuborgandik.

Bugun (14-iyun, -tahr.) Ichki ishlar vazirligidan so‘rovimizga javob kelibdi. Yomon tomoni, har doimgidek so‘rovga aniq javob yo‘q, takliflarimizga hech qanday munosabat bildirilmagan”, – deydi Doniyor Gʻaniyev.

Shuningdek, vazirlik javobida tonirovka narxini kamaytirish yuzasidan Prezident Adminstratsiyasi tomonidan qaror loyihasi ishlab chiqilgani va bu loyihaga Ichki ishlar vazirligi tomonidan tegishli takliflar bildirilgani ma’lum qilingan.

“Demak, yaqin orada tonirovka masalasi bo‘yicha ijobiy o‘zgarish bo‘ladiganga o‘xshaydi. Avtomobil oynalarini qoraytirishga doir cheklovlar butkul bekor qilinishini kutmasam-da, lekin tonirovka uchun belgilangan narxlar sezilarli miqdorda pasayadi, deb umid qilaman”, – deb yozadi deputat.