Toshkent metrosi 30-avgustdan boshlab yangi jadval asosida harakatlanadi

  • 10:05 / 26.08.2021
  • 406

Yangi o‘quv yilining boshlanishi hamda Mustaqillikning 30 yillik bayramini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish munosabati bilan joriy yil 30-avgustdan boshlab Toshkent metropolitenida poyezdlar harakati yangi jadval asosida yo‘lga qo‘yiladi.

Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK tomonidan aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan brifingda maʼlum qilindi.

Unga ko‘ra:

–      Chilonzor va Sergeli yo‘nalishlarida ertalabki soat 07:30 dan 09:00 gacha poyezdlar oralig‘i 3 daqiqani tashkil etadi. Kechki soat 16:30 dan 19:00 gacha – 4 daqiqa oralig‘i bilan harakatlanadi;

–      O‘zbekiston yo‘nalishida ertalabki soat 07:30 dan 09:00 gacha poyezdlar oralig‘i 4 daqiqani tashkil etadi. Kechki soat 16:30 dan 19:00 gacha – 5 daqiqa oralig‘i bilan harakatlanadi;

–      Yunusobod yo‘nalishi ertalab soat 07:30 dan 09:00 gacha 6 daqiqa oralig‘i bilan harakatlanadi. 16:30 dan 19:30 gacha esa poyezdlar qatnovi har 7 daqiqada tashkil etiladi.

Shuningdek, joriy yilning 30-avgustidan boshlab Toshkent metropolitenining barcha liniyalari soat 05:00 dan 00:00 gacha ishlaydi.

Maʼlumot uchun, bugungi kunga qadar, Yunusobod va Halqa yer usti yo‘nalishlari soat 06:00 dan 23:00 gacha ishlab kelayotgan edi.