Toshkent metrosida qarovsiz qoldirilgan shubhali narsa topildi

  • 10:11 / 12.06.2021
  • 416

“Toshkent metropoliteni” UK joriy yil 11-iyun kuni soat 11:50 da “Kosmonavtlar” metro bekatida 38-yo‘nalish bo‘yicha harakatlanayotgan poyezdning uchinchi vagonida qarovsiz qoldirilgan shubhali narsa topilgani haqida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 11-iyun kuni soat 11:50 da 38-yo‘nalishda harakatlanayotgan poyezdning 3-vagonida shubhali narsa qoldirib ketilgan va bu haqda poyezd mashinistiga xabar berilgan. Ichki ishlar vazirligi va Toshkent metropoliteni o‘rtasidagi o‘zaro kelishilgan yo‘riqnomaga ko‘ra, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ular “Kosmonavtlar” bekatida poyezddan tushirilgan.

Qoldirib ketilgan qarovsiz buyumni tekshirish uchun poyezd yo‘lovchilarsiz elektrodepoda joylashgan maxsus tekshirish punktiga yuborilgan. 

Barcha yo‘nalishlarda poyezdlar jadval asosida harakatlanishni davom etgan.