Toshkent shahar IIBB fuqaroning xizmat mashinasiga majburan o‘tqazilayotgani tasvirlangan videoga izoh berdi

  • 15:13 / 15.06.2020
  • 486

Ijtimoiy tarmoqlarda Yunusobod tumanida IIO FMB xodimlari bir fuqaroni majburlab xizmat mashinasiga o‘tqazishga urinayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu fuqaro ichki ishlar xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, advokat taklif etilishini talab qilgan. Shu bilan birga videoning matnida boshqa fuqarolar ham qayd etilgan bo‘lib, ulardan biri ilgari mol sotib olish uchun undan pul olgan va molni ham, pulni ham qaytarib bermagan shaxsga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilgan.

Qayd etilishicha, joriy yilning 28-may kuni Chilonzor tumani IIO FMBga kelib tushgan arizada I.M. mol sotib olishni bahona qilib, katta miqdorda pul olgan, ammo va’dasida turmasdan, pulni ham qaytarib bermagan shaxslarga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.

Shu munosabat bilan kelib tushgan ariza bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish maqsadida Yunusobod tumanida yashovchi D.I.ga joriy yilning 10-iyun kuni Chilonzor tumani IIO FMBga 11-iyun kuni yetib kelish haqida chaqiriqnoma berilgan. Shu bilan birga chaqiriqnoma berish vaqtida unga chaqiruv sababi ham tushuntirilgan.

D.I. Chilonzor tumani IIO FMBga chaqiruvni mensimaganligi sababli Chilonzor tumani IIO FMB 1-son ichki ishlar bo‘limi xodimlari D.I.ning turar joyiga borib, uni ichki ishlar organlariga yetkazishga majbur bo‘lgan.

“Hozirgi vaqtda to‘plangan ma’lumotlar dastlabki tergov organlariga qonuniy chora ko‘rilishi uchun yo‘naltirilgan. D.I.ni qo‘lga olish choralari ko‘rilmoqda”, deyiladi xabarda.