Toshkent shahrida 107 ta maktabda darslar to‘liq onlayn shaklga o‘tkazildi

  • 17:11 / 28.04.2021
  • 162

Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi tasarrufida 312 ta umumta’lim maktablari mavjud bo‘lib, ayni vaqtda ularning 205 tasida ta’lim an’anaviy shaklda olib borilmoqda. 107 ta maktabda esa darslar to‘liq onlayn shaklga o‘tkazilgan.

Bu haqda bugun, 28-aprel kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi Maktablar bo‘limi boshlig‘i Bahrom Boqiyev ma’lum qildi.

Mazkur holat Toshkent shahri o‘quvchilari kesimida olinganida – an’anaviy ta’limda 234 967 nafar, onlayn ta’limda esa 214 077 nafar o‘quvchi darslarni davom ettirmoqda.
Karantinga yopilgan maktablar o‘quvchilari uchun teledarslar tashkil qilingan bo‘lib, dars mashg‘ulotlari elektron jurnal orqali baholab borilyapti.

Shuningdek, Toshkent shahridagi ta’lim muassasalari bitiruvchilari soni 68 300 nafarni tashkil qilmoqda. Bundan 38 756 nafarini 9-sinf, 29 288 nafarini esa 11-sinf bitiruvchilari tashkil qiladi. 

Mazkur 107 ta maktabning karantinga olingani munosabati bilan o‘quvchilardan 14 kunlik karantindan so‘ng 4-chorak davlat imtihonlari olinadi.