Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralari o‘zgartirildi

  • 16:32 / 27.08.2021
  • 209

Oliy Majlis Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisida Toshkent viloyatining Zangiota, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq va Qibray tumanlari hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarining, shuningdek Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Yalpi majlisda aytilishicha, Toshkent shahri aholisi sonining yil sayin oshib borishi (2021 yil 1 iyul holatiga 2 737,2 ming kishi. Aholi zichligi 1 km kv.ga 7 564 kishi.) shaharda yangi ijtimoiy soha obyektlarini qurish, yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarini tashkil etish, madaniy va dam olish maskanlarini ko‘paytirish choralarini ko‘rishni talab etadi. Bu kabi muammolar Toshkent shahri hududini bosqichma-bosqich kengaytirish orqali amalga oshirilishi mumkin.
Shu bois, yalpi majlisda muhokama qilingan ushbu masala Senat qarori bilan Toshkent viloyatidan 7 853,3 gektar yer maydoni Toshkent shahriga, Toshkent shahridan 171,3 gektar yer maydoni Toshkent viloyati hududiga o‘tkazilishi belgilanmoqda.

Jumladan, Toshkent viloyatining:
–  Zangiota tumanidan 1 827,1 gektar (shundan, 424,2 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari); 
–  Yuqori Chirchiq tumanidan 490,0 gektar (shundan, 154,2 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari);
–  O‘rta Chirchiq tumanidan 1 134,2 gektar (shundan, 578,2 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari); 
–  Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 294,6 gektar (shundan,
1 090,9 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari); 
–  Qibray tumanidan 2 107,4 gektar (shundan, 1 002,6 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari);  

Shuningdek:
–  Toshkent shahrining Sergeli tumanidan 33,8 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Zangiota tumani tarkibiga; 
–  Toshkent shahrining Bektemir tumanidan 137,5 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani tarkibiga o‘tkazilmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent shahri tarkibiga o‘tkazilayotgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan (sug‘oriladigan) yerlarni boshqa maqsadlar uchun ajratish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Toshkent shahriga o‘tkazilayotgan Toshkent viloyatining tegishli hududlaridagi saylov okruglaridan saylangan xalq deputatlari tegishlicha Toshkent shahri xalq deputatlari hisoblanishi belgilanmoqda.

Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga o‘tayotgan hududlarda 42 ta MFY mavjud bo‘lib, bugungi kunda ushbu hududlarda 95 872 nafar aholi (23 249 ta oila, 29 010 ta xonadon mavjud) istiqomat qiladi. Ushbu hududlarda 15 ta (2025 o‘rinli) maktabgacha ta’lim tashkiloti, 16 ta (8756 o‘rinli) umumta’lim maktablari va 6 ta oilaviy poliklinika mavjud.

Shu bilan birga, 1 421 ta kichik tadbirkorlik sub’yekti sanoat, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarida faoliyat yuritmoqda. Ta’kidlash joizki, Toshkent viloyati hududidan Toshkent shahriga yer maydonlari o‘tkazilishi natijasida aholi turmush sharoiti yanada yaxshilanib, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, shahar eksport salohiyatini oshirish, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasi ob’yektlarini yanada yaxshilashga olib keladi.

Shu bilan birga, Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga o‘tkazilgan hududlarni muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy soha ob’yektlarini barpo etish bo‘yicha Hukumatning alohida qarori qabul qilinishi belgilanmoqda.

Hukumat qarori bilan Toshkent viloyati va shahrining bir-biriga o‘tkazilayotgan hududlarida yashovchi aholi xatlovdan o‘tkazish orqali yangi manzil bo‘yicha qayta ro‘yxatga olinadi. Viloyat va shahar mahalliy byudjetining hamda  ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning prognoz parametrlari qayta ko‘rib chiqilib, tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi. Aholi va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulklari kadastr hujjatlariga o‘zgartirish kiritiladi. Aholi va yuridik shaxslarning avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqamlarini o‘zgartirish va guvohnoma berish kabi masalalar hal etiladi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.