Toshkent viloyatida Janubiy Koreyaning nufuzli universiteti filiali ochiladi

  • 20:20 / 20.09.2021
  • 191

Bugun, 20-sentabr kuni Toshkent viloyati hokimligida viloyat hokimi Davron Hidoyatov va Koreya Respublikasi Hwashin Cyber universitetining MDH davlatlari bo‘yicha bosh mutaxassisi Kim Sunggi o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, unda Hwashin Cyber Univercity’ning 10 mln. AQSH dollariga teng bo‘lgan investitsiya mablag‘lari hisobiga Toshkent viloyatida Janubiy Koreya universitetining filialini yo‘lga qo‘yish taklifi muhokama qilindi. Suhbat davomida mazkur loyihaning imkoniyatlari va ikki taraflama manfaatli jihatlari haqida to‘xtalib o‘tildi.

Ta’kidlanishicha, ta’lim dargohida sport zali, madaniyat saroyi, kutubxona binolarini qurish, ta’lim klasterini tashkil etish, buning uchun universitet qoshida maktabgacha ta’lim muassasasi, umumta’lim maktab binosi, 600 o‘rinli talabalar turar joylarini barpo etish, ta’lim jarayonini tashkil etishda mutaxassislik fanlaridan darslarga malakali xorijiy professor-o‘qituvchilarni jalb qilish lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, universitetda tahsil olayotgan talabalarga o‘z yo‘nalishlarida o‘quv mashg‘ulotlarini Hwashin Cyber universitetida davom ettirib, tegishli tartibda ushbu universitet diplomini olish imkoniyatini yaratib berish tartiblarini joriy etish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, uchrashuv yakunida hamkorlik yuzasidan memorandum imzolashga kelishib olindi.