Toshkent viloyatida O‘zbekiston-Janubiy Koreya universiteti tashkil etiladi

  • 18:33 / 13.09.2021
  • 217

Nurafshon shahrida lift ishlab chiqarish sanoati uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha O‘zbekiston-Janubiy Koreya universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi Hamkorlik memorandumi onlayn shaklda imzolandi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi ko‘magida Nurafshon shahar hokimi Muzaffar Soliyev, Janubiy Koreyaning lift xavfsizligi jamg‘armasi raisi Shin Yun Xvan va Lift sanoati universiteti departament boshlig‘i Ko Yong Jun o‘rtasida videokonferensiya orqali muzokaralar tashkil etildi.

Shuningdek, uchrashuvda Janubiy Koreya lift sanoati universiteti bosh kotibiyati mudiri Shim Gyu Tak, elchixona maslahatchisi Alisher Abdusalomov, O‘zbekiston investitsiya va tashqi savdo vazirligi va “O‘zeltexsanoat” uyushmasi masʼul xodimlari ishtirok etdi. Nurafshon shahrida qo‘shma universitet tashkil etish, lift sanoati uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirishni boshlash masalasi muhokama qilindi.

Iyul oyida o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha Lift xavfsizligi jamg‘armasini jalb qilgan holda Janubiy Koreya lift sanoati universiteti O‘zbekiston tomoni bilan uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida takliflar tayyorladi.

Bundan tashqari, Janubiy Koreya vakillari lift sanoati uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun qo‘shma taʼlim muassasasini yaratishga tayyor. Ushbu sohada kadrlarga bo‘lgan talab darajasini hisobga olgan holda, muhandislar tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha o‘quv markazlari tashkil etish ham ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, Janubiy koreyalik hamkorlar monitoring o‘tkazish, liftlarning xavfsizligi va yuqori darajada ishlashini taʼminlash sohasidagi qonunchilik bazasi va milliy standartlarni takomillashtirishda bevosita ishtirok etadi.

Teglar