Toshkent viloyatidagi mutasaddilar bir ish o‘rni yaratish uchun $24 ming sarflagani aytildi

  • 21:37 / 24.06.2021
  • 230

Toshkent viloyatiga so‘nggi 4 yilda yo‘naltirilgan 950 million dollar xorijiy investitsiya va bank kreditlari hisobiga atigi 40 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan. Ya’ni bir ish o‘rni 24 ming dollarga to‘g‘ri kelmoqda. Namangan viloyatida esa bundan 2 baravar kam mablag‘ sarflanib, 52 mingta ish o‘rni ochilgan.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 24-iyun kuni investitsiya va eksport sohalaridagi ishlar natijadorligi, yil yakunigacha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi. 

Yig‘ilishda investitsiyalarning natijadorligi chuqur tahlil qilindi.

– Olib kelingan har bir dollar xalqimizga, hududlar va tarmoqlarga o‘zining ijobiy natijasini berishi kerak. Agar tumanlarda vaziyat o‘zgarganda edi, qancha ish o‘rni, qancha eksport bo‘lgan bo‘lardi. Investitsiya va eksport bilan shug‘ullanmagan hokimlarning kelajagi yo‘q, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tahlillarga ko‘ra, ajratilgan har bir milliard so‘m evaziga Namanganda 12 ta, Andijonda 11 ta, Navoiy va Sirdaryoda 8-9 tadan yangi ish o‘rni yaratilgan. Bu ko‘rsatkich Buxoro, Samarqand va Xorazmda 6-7 ta, Qashqadaryo va Farg‘onada 5 taga to‘g‘ri kelgan. Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida esa atigi 3-4 tani tashkil etgan.

Shuningdek, 2 mingdan ziyod korxona past quvvatda ishlayotgani, ayrim tumanlarda ishlab chiqarish hajmi kamaygani qayd etib o‘tildi.

Prezident tarmoq va hudud rahbarlarining asosiy vazifasi investitsiyaviy faollikni kuchaytirish bilan birga, ularning samaradorligini oshirish bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Videoselektorda Bosh vazir o‘rinbosarlari, tarmoq rahbarlari va viloyat hokimlari so‘nggi 4 yilda jalb qilingan investitsiyalar samadorligi hamda kelgusidagi istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha axborot berdi.