Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha litsenzion Osiyo chempionati bo‘lib o‘tmoqda

  • 20:47 / 08.06.2021
  • 42

Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha litsenzion Osiyo chempionati bo‘lib o‘tmoqda. 

Kecha, 8-iyun kuni Gimnastika saroyida boshlangan musobaqaning tantanali ochilish marosimi va dastlabki yo‘nalishlarda final bahslari bo‘lib o‘tdi.

Marosimda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Turizm va sport vaziri o‘rinbosari Avaz Karimov, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi raisi Ruslan Mustayevlar ishtirok etishdi. 

Musobaqaning rasmiy ochilish hamda badiiy qismi yakunlangach, yakkalik bahslarida xalqa va to‘pdagi mashqlar bo‘yicha final bahslariga navbat berildi. 

Unda, O‘zbekiston vakillaridan Taxmina Ikromovaning xalqada hamda Yekaterina Fetisovaning to‘pda bajargan dasturi hakamlarning eng yuqori ballariga sazovor bo‘ldi. Shu tariqa O‘zbek sportchi qizlari ilk kundayoq terma jamoa hisobiga qo‘shaloq oltin medallarni taqdim qilishdi.

Qayd etish joiz, ushbu turnir 10-iyunga qadar davom etadi. Unda gimnastikachilar Tokio-2020 Olimpiadasining oxirgi yo‘llanmalari uchun bahs olib borishadi.

Musobaqada O‘zbek sportchi qizlari yakkalik yo‘nalishda qit’a chempionligi uchun kurash olib borishsa, guruh mashqi dasturida g‘oliblikdan tashqari, Olimpiada yo‘llanmasi uchun bahslarga kirishadilar.