Toshkentda ikki talaba 60 ming dollarlik avtomobil ehtiyot qismlarini o‘g‘irlab ketdi

  • 09:55 / 19.05.2021
  • 180

Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi xonadonlarning birida ikki nafar talaba o‘g‘rilik sodir etdi.

Qayd etilishicha, 2021-yilning 15-may kuni X.D. ismli ayol 102 qisqa raqamiga bergan xabariga ko‘ra, 2020-yilning, taxminan, may oyidan 2021-yilning 15-may kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma’lum shaxslar Yunusobod tumani “Yangiariq” mahallasida joylashgan xonadoni qarovsiz qoldirilganligidan foydalanib, kalit tanlash yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirib, umumiy narxi 60 000 AQSh dollari bo‘lgan Koreya davlatida ishlab chiqarilgan Chevrolet rusumli avtomashinalarning turli xildagi ehtiyot qismlarini o‘g‘irlab ketganini ma’lum qilgan.

Tezkor qidiruv harakatlari jarayonida ushbu jinoyatni Yunusobod tumanida yashovchi talabalar 19 yoshli A.Z. va 18 yoshli X.A. sodir etgani aniqlanib, ulardan bir nechta turdagi avtomashina ehtiyot qismlari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, A.Z. va X.A. protsessual tartibda ushlangan.

Tergov harakatlari davomida jinoyatning kelib chiqish sabablari to‘liq o‘rganilib, huquqiy baho beriladi. Hozirda tergov davom etmoqda.