Toshkentda “olx.uz” sayti orqali yuzlab odamlarni chuv tushirgan shaxs qo‘lga olindi

  • 09:06 / 04.06.2021
  • 379

Bir necha yildan buyon jinoiy harakatlarni amalga oshirib kelayotgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2021-yilning 1-iyun kuni fuqaro A.A.X. o‘zining jinoiy faoliyatini davom ettirayotgan paytda qo‘lga olinib, uning yonidan bir dona sovuq qurol, jabrdiyda fuqarolardan o‘g‘irlangan bank plastik kartalari va mobil aloqa kompaniyalarining bir nechta sim kartalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Aniqlanishicha, u internetdagi olx.uz sayti orqali Toshkent markazida joylashgan xonadonlardan birini ijaraga beraman, deb e’lon joylashtiradi. Tabiiyki arzon narxdagi barcha qulayliklarga ega bo‘lgan xonadon viloyatlardan kelgan ijarada yashovchilarning e’tiborini o‘ziga qaratadi.

Unga telefon orqali aloqaga chiqqan fuqarolarga o‘zini harbiy xizmatchi deb tanishtirib, hozirda boshqa viloyatda ekanligini va xizmat safaridan 2-3 kunda poytaxtga qaytgach, ijaraga oluvchiga xonadonni ko‘rsatishini, boshqa odamga ijaraga bermaslik uchun esa oldindan plastik kartasiga pul o‘tkazib berishi kerakligini aytadi.

Shu tariqa, fuqaro A.A.X. o‘ziga tegishli bo‘lmagan bir nechta plastik kartalarga pul mablag‘larini o‘tkazib olgan zahoti mijozlar bilan aloqani uzadi.

Fuqaro A.A.X. ushbu uslub bilan poytaxtda ijaraga xonadon olmoqchi bo‘lgan 100 nafardan ortiq fuqarolarning har biridan 200 ming so‘mdan 2 mln. so‘mgacha, bir yil davomida, uning tuzog‘iga ilingan jabrdiydalarning umumiy miqdori 80 mln. so‘mdan ortiq miqdordagi mablag‘larini noqonuniy yo‘llar bilan talon-taroj qilgan.

Hozirda fuqaro A.A.X. qo‘lga olinib, unga nisbatan tegishi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, shuningdek fuqaro A.A.X.ning jinoiy sheriklarini aniqlash yuzasidan surishtiruv va tergov harakatlari davom ettirilmoqda.