Toshkentda o‘tayotgan jahon chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar 8ta medalni qo‘lga kiritishdi

  • 14:44 / 07.06.2021
  • 62

Avval ma’lum qilganimizdek, shu kunlarda Toshkentdagi “Yunusobod” sport majmuasida qo‘l jangi bo‘yicha ilk bor kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Kecha musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Milliy Gvardiya qo‘mondoni, O‘zbekiston qo‘l jangi federatsiyasi raisi Rustam Jo‘rayev, MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Xalqaro qo‘l jangi federatsiyasi raisi Sergey Astaxov va keng sport jamoatchiligi mutasaddilari ishtirok etib, musobaqaning yuqori saviyada tashkil etilayotganini ta’kidlashdi.

Marosimning ochilish hamda badiiy qismi ortda qolgach, turnirning o‘sha kungi dasturidan o‘rin olgan final janglariga start berildi.

Ushbu final janglarida 2 nafar o‘zbek sportchisi g‘alaba qozonib, jahon chempionligini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, shu kuni milliy terma jamoa vakillari 4 ta kumush va 2 ta bronza medallariga ham sazovor bo‘ldilar.

Shohsupaga ko‘tarilgan sportchilardan 70 kg vaznda Olimjon Normurodov va 55 kg vaznda Maftuna Quvondiqovalar oltin, 45 kg vaznda Nargiza Nazikulova, 55 kg vaznda Javohir Sobitov, 55 kg vaznda Sabrina Rajabova va 75 kg vaznda Jahongir Jumayevlar kumush hamda 45 kg vaznda Shirinoy Zohidova va 55 kg vaznda Bekzod Atajonovlar bronza medallari sovrindorlariga aylandilar.