Toshkentda xizmatkor ayolni kaltaklagan ayollarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

  • 19:02 / 27.05.2021
  • 389

Bugun, 27-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda o‘z uyida pulga muhtoj, gapirolmaydigan qizni xizmatkor qilib olgan ayol uni qornidagi bolasini urib tushirganini va shafqatsizlarcha kaltaklangani aytilayotgan video tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan IIV Matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 25-maydan 26-mayga o‘tar kechasi soat 03:15 larda 102 raqamiga tez tibbiy yordam muassasasidan kelib tushgan xabarga ko‘ra, 24 yoshli Moxizoda V. tan jarohatlari bilan keltirilganligi aniqlangan. 

Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida joriy yil 24-may kuni, 28 yoshli Mumtozbegim D. o‘zining Mirobod tumanidagi xonadonida bo‘la turib, ikki nafar tanishlari – 20 yoshli Diyora B. va 23 yoshli Mukarram M. lar bilan birga 24 yoshli Moxizoda V.ga tan jarohatlari yetkazishganligi aniqlangan. 

Biroq ayol o‘zi tushuntirib bermagan sabablarga ko‘ra, o‘zi yashab kelgan ushbu xonadondan faqatgina 25-maydan 26-mayga o‘tar kechasi chiqqan. Nukus ko‘chasida Moxizoda V. o‘tib ketayotgan tez tibbiy yordam mashinasini to‘xtatib, qo‘l harakatlari bilan tibbiy yordamga muhtojligini ma’lum qilgan va oyog‘idagi jarohatlarni ko‘rsatgan.

Hozirda barcha ishtirokchilarning shaxsi aniqlangan, sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. 

Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “v” bandi (Qiynash, ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 
Tergov davomida sodir bo‘lgan voqeaning sabablari batafsil o‘rganiladi.