Toshkentda yana bir sportchi tanishi tomonidan pichoqlab o‘ldirildi

  • 12:59 / 14.09.2021
  • 465

Toshkentda dzyudochi Kamoliddin Rasulov boshqa bir sportchi tomonidan pichoqlab ketildi.

Bosh prokuratura Matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, mazkur qotillik jinoyati joriy yilning 13-sentyabr kuni soat 21:30 da Toshkent shahrining Uchtepa tumanida sodir bo‘lgan.

Qayd etilishicha, voqea sodir bo‘lgan kuni dzyudochi Kamoliddin Rasulovga uning tanishi 30 yoshli fuqaro Sh.T. qo‘ng‘iroq qilib, undan xarid qilib olgan “Humo Trop” vitaminini uning tavsiyasiga ko‘ra iste’mol qilganini, natijada esa sog‘lig‘i yomonlashganini, shifokorlar bu kasallikning davosi yo‘qligini bildirganini aytib, uni Uchtepa tumani, 14-mavzedagi uyi oldiga chaqirgan. 

Ular ko‘rishgach, o‘zaro janjallashib qolishadi va Sh.T. yonida olib chiqqan oshxona pichog‘i bilan Kamoliddin Rasulovning tana sohasining turli joylariga bir necha marotaba urib, qasddan o‘ldirgan.

Bosh prokuratura Matbuot xizmati rahbarining ma’lum qilishicha, ayni paytda Uchtepa tumani prokuraturasi tomonidan Sh.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u Jinoyat prosessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 17-avgust kuni Qashqadaryoda sport ustasi Elbek Rahimov o‘ldirib ketilganligi haqida xabar tarqatilgan edi.