Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosi uchun sarflanayotgan pullar miqdori ma’lum bo‘ldi

  • 15:23 / 12.10.2021
  • 130

Toshkent shahri Olmazor tumani hududida qurilayotgan O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi yuzasidan joriy yil 11-oktyabr kuni Buyurtmachi – Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi hamda Pudratchi – “Trest-12” AJ o‘rtasidagi 2017-yil 27-dekabrdagi shartnomaga qo‘shimcha kelishuv imzolandi. 

Unda keltirilgan raqamlarga ko‘ra, mazkur markaz qurilishi uchun uchun taxminan 1 trillion 723 mlrd. so‘m sarflanadi.

O‘zbek milliy valyutasida ko‘rsatilgan mazkur summani 2021-yil 12-oktyabdagi Markaziy bank kursi bilan hisoblaganda xorijiy valyutadagi miqdori 161,5 mln. dollarni tashkil qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ushbu qurilishda asosiy pudratchi hisoblangan "Trest-12" aksiyadorlik jamiyati ta’sischilari bir muddat avval jamoatchilik e’tiboriga tushgan va jamiyat ta’sischilaridan ayrimlari qurilish vaziri Botir Zakirovning qarindoshlari bo‘lganligidan aksariyat yirik tenderlarda g‘olib chiqayotgani tanqid ostiga olingan edi.