Toshkentdagi masjidlarning birida janjal ko‘targan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

  • 11:48 / 16.07.2021
  • 253

Toshkent shahar IIBB matbaot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yilning 26-iyun kuni taxminan soat 19:45 larda ichki ishlar organlariga Olmazor tumanida joylashgan “To‘xtaboy” jome masjidiga kelgan fuqarolar tomonidan 1980-yilda tug‘ilgan Arifxodjayev Fozilxodja janjal ko‘tarib, jamoat tartibini va fuqarolar tinchligini buzganligi haqida xabar kelib tushgan.

Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani IIO FMB tomonidan tekshiruv o‘tkazilib, to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor sudiga taqdim etilgan.

Sud F.Arifxodjayevni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasida (“Mayda bezorilik”) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etishda aybli deb topib, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Tekshiruv jarayonida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga F.Arifxodjayevning uyali aloqa vositasida shubhali diniy mazmundagi materiallar mavjudligi va ularni boshqa fuqarolarga namoyish etganligi haqida xabar kelib tushgan. 

Mazkur materiallarning xususiyatiga aniqlik kiritish maqsadida telefon apparati protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan, diniy mazmundagi materialni tekshirish uchun dinshunoslik ekspertizasi tayinlangan.

Shuningdek, Din ishlari bo‘yicha Qo‘mitaning xulosasiga ko‘ra, F.Arifxodjayevning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Fozilxo‘ja Arifxodjayev” nomli profiliga joylashtirilgan ayrim materiallar diniy aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi materiallar sirasiga kirishligi aniqlangan. Ularni O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.

Ushbu holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan F.Arifxodjayevga nisbatan JKning 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi (“Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.