Toshkentning ayrim hududlarida suv uchun to‘lovlarning nazoratchilar tomonidan undirilishi tartibi bekor qilinadi

  • 18:33 / 19.05.2021
  • 438

Toshkent shahri va viloyatining ayrim tumanlarida nazoratchilar tomonidan aholidan pul undirish amaliyoti butunlay to‘xtatiladi.

"O‘zsuvta’minot" axborot xizmati ma’lum qilishicha, 2021-yil 20-maydan 1-iyulgacha pilot loyiha tariqasida Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontohur tumanlari hamda Toshkent viloyatining Qibray tumanida (“Musaffo obi hayot” MChJ iste’molchilaridan tashqari) suv ta’minoti korxonalarining nazoratchilari tomonidan xizmatlar uchun aholidan pul undirish ishlari butunlay to‘xtatiladi.

Ushbu hududlarga biriktirilgan nazoratchilar faqat belgilangan tartibdagi kuzatuv va xatlov ishlari bilan shug‘ullanadi, ular tasarrufidagi to‘lov terminallari va termoprinterlar boshqa hududlarga biriktiriladi.

Ichimlik va oqava suv xizmatlari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishda quyidagi vositalardan foydalanish mumkinligi eslatib o‘tiladi:

–  http://Cabinet.uzst.uz shaxsiy kabinet orqali;
–  @uzst_bot telegram-boti orqali;
–  elektron to‘lov tizimlari (Click, Paynet, Upay, Payme, Oson) hamda to‘lov infokiosklari;
–  tijorat banklari mobil ilovalari;
–  tijorat bank kassalari va shaxobchalari hamda pochta bo‘limlari.