Tozalikni yaxshi koʻradigan, ammo uy tozalashga vaqt topa olmaydiganlar uchun 5 layfxak

  • 12:00 / 20.07.2021
  • 213

Tozalik – salomatlik garovi hisoblanadi. Ammo, oramizdagi ayrim insonlar tozalash ishlariga har kuni vaqt ajrata olmaydilar. Kimdir ertadan kechgacha ishlaydi, kimdir esa yosh bolalaridan ortmaydi. Tozalikni juda yaxshi koʻrasiz-u, ammo tozalash ishlariga har kuni vaqt ajrata olmaysizmi? Quyidagi layfxaklar aynan siz uchun.

1. Eshikli javonlar xarid qiling

Ochiq tokchalar oʻzida haddan tashqari koʻp chang yigʻishi haqida bilasizmi? Aynan mana shunday joylarga duch kelgan buyumni qoʻyib ketishga odatlanib qolasiz. Keraksiz buyumlar, esdalik sovgʻalari ham mana shunday yerlarda saqlanadi. Bu yerdagi changni tozalab olish uchun yarim kun vaqtingiz ketishi aniq. Shu sababli uyingizdagi buyumlarni eshikli javonlar ichiga taxlab qoʻying.

2. Polga eʼtiborli boʻling.

Pollarni har kuni artib chiqishingiz shart emas. Ammo, eng koʻp kir yigʻiladigan joylarga eʼtibor qaratish kerak. Bu odatda kirish eshigining yoni, bolalar xonasi va oshxona boʻladi. Mana shu joylarni tez-tez tozalab olsangiz, vaqtingizni tejagan boʻlasiz.

3. Yuvilmagan idishlarni yigʻmang!

Ovqatdan boʻshagan idishni keyinroq yuvib qoʻyish bahonasi bilan qoldirib ketmang. Yigʻilgan idishlarni tozalash anchagina vaqtingizni olib qoʻyadi. Shu sababli biror bir idishni ishlatganingizdan soʻng, uni darhol yuvib qoʻyishga odatlaning.

4. Yordamchilar xizmatga shay!

Zamonaviy texnika imkoniyatlaridan voz kechmang. Kir yuvish mashinasi kirlarni yuvgunicha, mitti robot-changyutgich pollarni tozalab chiqishi mumkin. Agar uyingiz haddan tashqari katta boʻlsa va uni bir oʻzingiz tozalab chiqishga koʻzingiz yetmasa, klining xizmatiga murojaat qilish ham mumkin.

5. Keraksiz narsalardan xalos boʻling.

Allaqachon singan kursi, maʼlum bir detali yoʻqolib qolgan oʻyinchoq, sizga sigʻmaydigan libosni uyingizda saqlab oʻtirar ekansiz, tartib haqida oʻymalasangiz ham boʻlaveradi. Keraksiz narsalardan xalos boʻlsangizgina uyingizning hamisha toza turishiga erishasiz.