“Tushuntirish xati yozib bering, hammasi hal bo‘ladi!” – muammoni hal qilishning “xorazmcha” usuli

  • 10:19 / 23.08.2021
  • 355

Tahririyatga respublikaning turli hududlaridan turli mazmunda murojaatlar kelib tushadi. Ular bilan mazmunan tanishib chiqish asnosida ayrim ko‘tarilgan masalalarni ko‘rib, respublika miqyosida olib borilayotgan islohotlarning joylarga “cho‘loq” bo‘lib yetib borayotganiga guvoh bo‘lasiz.

Quyida keltiradiganimiz – masala ham viloyat va mahalliy hokimliklarning  muammoni o‘z bilganlaricha “hal” qilib berayotganlariga bir misol.

Xorazm viloyati Urganch tumani Obod mahallasida yashab kelayotgan Nafosat Sobirova 1-guruh nogironi. Qaynonasi, turmush o‘rtog‘i va 4 yashar farzandi bilan uysiz, 3 yildan buyon uzoq bir qarindoshining uyida yashab keladi.
U ikki yildan buyon tegishli idoralarga uylarida issiqlik ta’minoti yo‘qligidan shikoyat qilib keladi. Aksiga olib hududiy tibbiyot birlashmasida oddiy ishchi bo‘lib ishlab keladigan turmush o‘rtog‘ining ham oylik maoshi dori-darmonidan ortmaydi.

 Aslida gap bunda ham emas...

Nafosat Sobirova, yuqorida aytib o‘tganimizdek, bu masalada bir necha bor tegishlicha murojaatlar qilib kelgan. Ushbu murojaatlarning biri esa joriy yilning 18 iyul sanasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga kelib tushadi va 65795-r/21-son bilan ro‘yxatdan o‘tkaziladi. 

Masalani ijobiy hal qilish vazifasi esa, o‘z navbatida, viloyat Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi zimmasiga kelib tushadi. Boshqarmaning vazirlikka chiqargan xatiga ko‘ra, “murojaat tegishli mutaxassislar tomonidan o‘rganilgan, amaliy yordam berish maqsadida uyda isitish tizimi mavjud emasligini inobatga olib, Urganch tumani hokimligi “Hududgaz Xorazm” MChJ “Urganch tumangaz” filiali xodimlarini biriktirgan. Va shu tariqa N.Sobirovaning murojaati qanoatlantirilgan.
Murojaatgo‘y N.Sobirovaning ushbu amaliy tadbirlar natijasida bosh boshqarma va tuman bo‘limi xodimlariga hech qanday e’tirozi yo‘q.”

Bu “xorazmcha” usulmi?..

Yo‘q, bu keng tarqalgan usul! Muammolarni hal qilishning “o‘zbekona” usuli ham deyish mumkin. Bunda murojaatchini yil o‘n ikki oy eshikma-eshik, idorama-idora qog‘ozbozlik bilan tinkasini quritish maqsad qilinadi. Shunday qilinadiki, murojaatchi ketgan vaqtiga, sarflagan pullariga achinib oxiri to‘xtaydi, ya’ni boshqacha aytganda muammosi “hal” bo‘ladi...

Nafosat Sobirova nima deydi?

N.Sobirova bilan bog‘langanimizda u ikki yildan buyon uyda isitish tizimi yo‘qligini, bu uchun yetarli mablag‘ ham to‘play olmayotganini aytdi. 

“Qaynonam bilan uning singlisinikida, ikki xonali uyda yashaymiz. Muammoimizni bir necha bor turli joylarga bildirdik. Oxirgi marta viloyat Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasidan “Feruza opa” va tuman bo‘limidan “Anvar” ismli xodimlar kelishdi. Ular kelib, menga tushuntirish xati yozib bersam, masalam tez orada hal qilinishini aytishdi. Men murojaatim bo‘yicha ish boshlangani va bunga e’tirozlarim yo‘qligi haqida yozib berdim”, – deydi murojaatchi.
Murojaatchining ko‘targan masalasi, nari borsa, tuman darajasida hal bo‘lishi mumkin bo‘lgan ish. Bunday holatda, butun tizimga yoyilayotgan “yolg‘on” operasiyasi kimga kerak? 

N.Sobirovaning uyida isitish tizimi yo‘qligi vahima qilish darajasidagi muammo emasdir, ehtimol. Ammo vazirlik tizimida muammolarni bu taxlit “hal” etilishiga qanday nom berish kerak?!     

Tahririyat N.Sobirovaning muammosi bo‘yicha o‘rganishlarini davom ettiradi. Tizimdagi ko‘zbo‘yamachilikka esa...

Xabardor.uz tahririyati