UEFA Millatlar Ligasi: bitta ofsayd turnir taqdirini hal qildi

  • 08:40 / 11.10.2021
  • 93

Kecha futbol bo‘yicha Yevropa Millatlar Ligasi o‘z nihoyasiga yetdi. Dastlab Turin shahrida Italiya va Belgiya terma jamoalari 3-o‘rin uchun bahs yuritdilar. 
Zero bu o‘yin hech narsani hal qilmasa-da, mag‘lubiyatsiz o‘yinlar borasida rekord qo‘ygan Italiya termasi yarim finalda yutqazgani bois, ketma-ket ikki marta o‘z maydonida mag‘lub bo‘lish ularning rejasida  yo‘q edi. Shu boisdan ham Roberto Manchini shogirdlari butun uchrashuv davomida shiddatni pasaytirmadilar va raqiblar darvozasini ikki bor aniq nishonga oldilar.
Belgiya termasida esa tarkibda muammolar bor edi. Eden Azar jarohatda, Lukaku zahirada qoldirilgan bo‘lsa, Kevin de Bryune 2-bo‘limda maydonga tushirildi. O‘yin yakunlanishiga yaqin Belgiya hisobdagi farqni qisqartirdi, biroq boshqasiga mehmonlarning kuchi yetmadi – 2:1 hisobida g‘alaba qozongan italiyaliklar 3-o‘rin egasiga aylanishdi.  

Roberto Manchini uchun bu Italiya terma jamoasi boshchiligidagi 30-g‘alaba hisoblanadi. U bu natijaga mamlakat tarixida eng tez erishgan murabbiyga aylandi, buning uchun mutaxassisga 44 o‘yin kerak bo‘ldi.

Belgiyaliklar esa 2010 yildan buyon ketma-ket ikkita rasmiy o‘yinda mag‘lub bo‘ldi. O‘shanda terma jamoada ketma-ket uch mag‘lubiyat qayd etilgandi: 2009 yilning oktyabr oyida Estoniyaga qarshi (0:2), 2010 yilning sentyabrida Germaniyaga (0:1) va Turkiyaga (2:3) qarshi o‘yinlar boy berilgan.

Millatlar ligasi. 3-o‘rin uchun bahs. «Alyans Stedium»

Italiya – Belgiya 2:1

Gollar: 1:0 – 46 Barella, 2:0 – 65, penalti Berardi, 2:1 – 86 de Ketelare.

Italiya – Donnarumma, Bastoni, Emerson, Acherbi, Di Lorenso, Lokatelli, Barella (Kristante, 70), Kьyeza (Bernardeski, 90), Pellegrini (Jorjino, 71), Berardi (Insinye, 90), Raspadori (Kin, 65).

Belgiya – Kurtua, Vertongen, Alderveyreld, Denayer, Kastan, Salemakers (de Ketelare, 59), Vitsel, Karrasko (Trossard, 87), Tilemans (de Bryuyne, 59), Vanaken, Batshuayi.

Ogohlantirishlar: Vertongen (14), Di Lorenso (30), Vitsel (56), Alderveyreld (63), Emerson (82).

Kechqurun esa butun dunyo futbol ahlining nigohi Milan shahridagi “San-Siro” o‘yingohiga qaratildi. Fransiya va Ispaniya terma jamoalari final bahsida musobaqa g‘olibini aniqlash uchun maydonga tushdilar. 
Teng kurashlar ostida kechgan uchrashuvda hisob 64-daqiqada Ispaniya terma jamoasi a’zosi Oyarsabal tomonidan ochildi. Lekin oradan 2 daqiqa o‘tmasdan Karim Benzema yana jamoasi joniga aro kirdi va hisobni tenglashtirdi.
O‘yin tugashiga 10 daqiqa qolganda Klian Mbappe ofsayd xolatida to‘pni qabul qilib oldi va aniq zarba bilan jamoasini oldinga olib chiqdi. U to‘pni qabul qilayotganida o‘yindan tashqari xolatda bo‘lgani qayta-qayta takroran namoyish qilindi, uni butun jahon ko‘rdi, faqat hakamlar brigadasi emas.


Shu tariqa Fransiya Millatlar ligasi g‘olibiga aylandi. Hozircha Didye Desham shogirdlari ham Jahon, ham Yevropa, ham Millatlar Ligasi g‘olibi bo‘lgan yagona terma jamoa bo‘lib turibdilar.
O‘yindan keyin Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis Enrike o‘zini hotirjam tutdi va quyidagi fikrlarni bildirdi: “Biz Yevropa chempionini mag‘lub etdik, Jahon chempioni bilan teng o‘ynadik, demak to‘g‘ri yo‘ldamiz”.

Ispaniya — Fransiya 1:2

"Juzeppe Meassa (San-Siro)" stadioni

Gollar: 1:0 – 64 Oyarsabal, 1:1 – 66 Benzema, 1:2 – 80 Mbappe.

Ispaniya: Unai Simon, Aspilikueta, Laport, Erik Garsiya, Alonso, Sarabiya (Pino, 61), Rodri (Fornals, 84), Ferran Torres (Merino, 84), Buskets, Oyarsabal, Gavi (Koke, 75).

Fransiya: Loris, Ernandes, Varan (Upamekano, 43), Kunde, Pavar (Dyubua, 80), Pogba, Tchuameni, Kimpembe, Grizmann (Veretu, 90), Mbappe, Benzema.

Ogohlantirishlar: Pogba (46), Kunde (55), Laport (86), Mbappe (89).